28 may kuni Yoshlar press-klubida Yoshlar ittifoqi va Oliy sud tomonidan imzolangan memorandum ijrosi yuzasidan tadbirkorlik sub'yektlari va yosh tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.

Tadbirda Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi raisi Soliyev Sarvar, Shayxontohur tuman ma'muriy sudi raisi Sanjar Zulunov, Toshkent shahar Markaziy banki yuridik bo‘limi xodimi Davron Nuriddinov va boshqa sud-huquq sohasi mutaxassislari qatnashdi. Yig‘ilishda hozirgi kunda bajarilayotgan ishlar huquq vakillari tomonidan tushuntirildi.

«Iqtisodiy-protsessual kodeksga o‘zgartirishlar kiritildi, shuningdek tadbirkorlarimizni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2019 yil 14 may kuni Prezidentimizning «Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Bu o‘zgarishlar natijasida ish yuritishda soddalashtirilgan tartibda ish yuritmoqdamiz. Eng kam oylik ish haqining 20 barobari miqdoridagi ishlar, yakka tartibdagi tadbirkorlar ishlarida esa 5 baravar miqdoridan kam bo‘lgan ishlar taraflar ishtirokisiz ham mavjud hujjatlar asosida ko‘rib chiqilishi belgilandi. Ma'qul bo‘lsa taraflarni kelishtirish choralarini ko‘rish ishlari yo‘lga qo‘yilgan», deya ma'lum qildi tumanlararo sud raisi.  

Yig‘ilishda qatnashayotgan yosh tadbirkorlar tomonidan bir necha savollar berildi.

Dastavval, sergelilik yosh tadbirkor Abdulaziz Mo‘minov o‘z e'tirozlarini bildirdi. Uning shikoyatiga ko‘ra, 3 oy vaqtdan beri turli idoralar, xususan bank, hokimiyat idoralarida sarson bo‘layotganini bildirdi. Kredit masalasida ham imtiyozli 7 foiz kredit va ularni qisqa muddatda taqdim etish amalda bo‘lmayotganini aytdi. Bu e'tirozdan so‘ng, Markaziy bank vakili murojaatchining telefon raqamlarini yozib oldi va o‘rganib chiqishga va'da berdi.

Yosh tadbirkorlardan yana biri Bobur Igamberdiyev ham o‘z e'tirozlarini aytib o‘tdi. Uning shikoyati tadbirkorlik emas, turar-joy masalasida edi.