G‘afur G‘ulom nashriyoti bosh muharriri olamdan o‘tdi
Taniqli jurnalist va yozuvchi Ilhom Zoir olamdan o‘tdi. Kun.uz manbasi xabar qilishicha, uning vafotiga og‘ir xastalik sabab bo‘lgan.
Ilhom Zoirov 1961 yilning 2 iyulida Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida tug‘ilgan. 1987 yil ToshDU jurnalistika fakultetini tamomlagan. 2007 yildan buyon G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyining bosh muharriri lavozimida ishlab kelgan. U O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a'zosi hisoblanardi.
«Tarsaki» (1995), «Yelpatak» (1997), «Tabassum bekati» (2000), «Qoidasi shunaqa» (2002), «To‘g‘ri so‘zning to‘qmog‘i» (2003), «Sehrli qalam» (2005), «Sichqoncha Tabuning sarguzashtlari» (2006), «Uchovlonning sarguzashtlari», «Holva yemagan bola» (2007) kabi hikoya va qissalar to‘plamlari, «Yuz tillo mojarosi» (2008) romani nashr etilgan. «Hukm» nomli detektiv asar muallifi (2018).
Tsinken Xoppning «Sehrli bo‘r» (2004), Yan Ekholmning «Sofdil Mallavoy» (2006) ertak-qissalarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
2009 yil «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangan.
Marhumning oilasi va yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.