Haydovchilar mehnatiga haq to‘lashning umumiy shartlari to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi (batafsil)
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi, Avtomobil transport agentligining “Avtomobil transporti haydovchilari mehnatiga haq to‘lashning umumiy shartlari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.
Nizomga ko‘ra, avtomobil transporti haydovchilari mehnatiga haq to‘lashning umumiy shartlari budjet tashkilotlari, davlat korxonalari, muassasalari va ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan ko‘proqni tashkil etadigan tashkilotlar uchun majburiydir, boshqa tashkilotlar uchun tavsiya xususiyatiga ega.
Quyidagilar haydovchilarining ish haqi hisoblanadi:
bajarilgan ish yoki ishlangan vaqt uchun to‘lanadigan haq;
rag‘batlantiruvchi va kompensatsiyalovchi ustama va qo‘shimcha haqlar;
ishdagi ishlab chiqarish natijalari uchun mukofotlar;
maxsus turdagi mukofotlar;
bir yillik ish yakunlari bo‘yicha mukofotlar;
moddiy yordam;
bir yo‘la mukofotlar;
Soliq kodeksida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlar.
Tashkilotlar haydovchilari mehnatiga haq to‘lash Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 21 iyuldagi 206-son qarori bilan tasdiqlangan Mehnatga haq to‘lashning yagona tarif setkasiga asosan amalga oshiriladi.
Tashkilotlar haydovchilarining (yuk avtomobillari haydovchilaridan tashqari) mehnatiga haq to‘lash Tashkilotlar haydovchilarining (yuk avtomobillari haydovchilaridan tashqari) mehnatga haq to‘lash bo‘yicha Mehnatga haq to‘lash yagona tarif setkasi bo‘yicha razryadlar asosida amalga oshiriladi.
Tashkilotlardagi yuk avtomobillari haydovchilarining mehnatiga haq to‘lash mazkur Tashkilotlardagi yuk avtomobillari haydovchilarining mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha razryadlar asosida amalga oshiriladi.
Haydovchilarning mehnatiga haq to‘lash razryadlari avtomobilning xarakteristikasida (texnik pasportida) ishlab chiqaruvchi tomonidan ko‘rsatilgan avtomobillar parametrlari va vazifasidan kelib chiqib belgilanadi.
Tashkilotda haydovchiga bir nechta sinfdagi avtomobillar biriktirilgan hollarda haydovchiga unga biriktirilgan avtomobilning eng yuqori razryadidan kelib chiqqan holda haq to‘lanadi.
Haydovchilarning Mehnatga haq to‘lashning yagona tarif setkasi bo‘yicha razryad:
kon samosvallari, tez buziladigan yuklar tashishda avtomobil-refrijyeratorlar, shuningdek avtokranlar - bir razryad yuqori;
shoshilinch tibbiy yordam xizmatining ixtisoslashtirilgan avtomobillari uchun boshqa tez tibbiy yordam avtomobillarining haydovchilariga nisbatan bir razryad yuqori belgilanadi.
Haydovchilarning tarif stavkasiga 1,228 miqdorida tarmoq koeffitsiyenta qo‘llaniladi. Mehnatga haq to‘lash bo‘yicha yagona tarif setkasining tegishli razryadi bo‘yicha haydovchining bazaviy tarif stavkasini hosil qiladi.
Ishga soatbay haq to‘lash joriy etilsa, bazaviy oylik tarif stavkasini ish vaqti yillik balansini hisobga olgan holda normativ huquqiy hujjatlarda belgilangan ish soatlarining o‘rtacha oylik miqdoriga bo‘lish orqali belgilanadigan soatbay tarif stavkalari qo‘llaniladi.
Davlat boshqaruvi organlarida biriktirilgan shaxsiy va navbatchi yengil avtomashinalarning haydovchilari uchun soatbay mehnatga haq to‘lash sharti bilan navbatchilikka 12 soatdan oshmagan holda smenalik ish rejimi o‘rnatiladi.
Quyidagilar uchun ustamalar va qo‘shimcha haqlar belgilanadi:
tungi vaqtda, dam olish va bayram kunlari ishlaganlik, shuningdek xizmat vaqtidan tashqari ishlaganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida belgilangan miqdorlarda;
malaka darajasi uchun ikkinchi darajali haydovchilarga Mehnatga haq to‘lash bo‘yicha yagona tarif setkasining tegishli razryadi bo‘yicha haydovchining bazaviy tarif stavkasining 10 foizi miqdorida, birinchi darajali haydovchilarga - 25 foizi miqdorida;
xalqaro yuk tashuvlarini amalga oshirganligi uchun - O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida bo‘lgan davrda Mehnatga haq to‘lash bo‘yicha yagona tarif setkasi tegishli razryadi bazaviy tarif stavkasining 20 foizigacha;
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Administratsiyasi transport qismi hamda Vazirlar Mahkamasi apparati Xo‘jalik faoliyati boshqarmasi Avtoxo‘jaligi balansida bo‘lgan avtomobillar haydovchilariga alohida mehnat sharoitlari uchun - Mehnatga haq to‘lash bo‘yicha yagona tarif setkasining tegishli razryadi bo‘yicha haydovchining bazaviy tarif stavkasining 35 foizi;
avtotransport vositasi qurilmalari, mexanizmlari va uskunasini boshqarish uchun maxsus ishchilar talab etilgan bo‘lsa va ularning vazifalarini haydovchi bajarayotgan bo‘lsa, bir yo‘la bir necha kasbda ishlaganligi, xizmat ko‘rsatish zonasi kengayganligi va bajariladigan ishlar hajmi oshganligi uchun - O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 18 oktyabrdagi 297-son “O‘rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorida belgilangan tartibda;
agar ish smenasi o‘rtasidagi tanaffus ikki soatdan ortiqni tashkil etsa, bo‘lingan ish smenasida ishlaganligi uchun - bazaviy tarif stavkasining 30 foizigacha. Bunda, ichki smenaning tanaffus vaqti hisobga olinmaydi;
agar yo‘nalish bo‘yicha berilgan topshiriqqa ko‘ra haydovchi doimiy yashash joyiga (avtotransport tashkiloti, garaj joylashgan joyga) qaytib kelish imkoniyatiga ega bo‘lmasa, safar xususiyatiga ega mehnat sharoitlarida ishlaganligi uchun - yo‘nalish bo‘yicha berilgan topshiriqni bajarish davri uchun bazaviy tarif stavkaning 10 foizigacha;
ustama va qo‘shimcha haqlarning aniq miqdorlari jamoaviy shartnomada belgilanadi, agar u tuzilmagan bo‘lsa, kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishgan holda ish beruvchilar tomonidan belgilanadi.
Haydovchilarning bazaviy tarif stavkalari:
vaqtbay ishlaydigan haydovchilar uchun pritseplarga ega avtopoyezd va yuk avtomobillarida ishlashda ular mazkur avtotransport vositalarida amalda ishlagan kunlari uchun 20 foizga;
tog‘ va konlarda olib boriladigan texnologiya ishlarda, kesik joylarda va ochiq konlarda texnologik tashuvlarda ishlashda ular amalda ishlagan kunlari uchun 24 foizgacha;
portlovchi va radioaktiv moddalarni tashishda 12 foizgacha oshiriladi.
Haydovchilarga biriktirilgan avtomobillar ta'mirlash yoki texnik xizmat ko‘rsatish uchun olib qo‘yilgan hollarda ular haydovchilar ixtisosligi bo‘yicha boshqa avtomobillarda xizmat qilishlari lozim.
O‘ziga biriktirilgan avtomobillarning bekor turib qolishi (nosozligi yoki to‘liq emasligi, ixtisosligi bo‘yicha ish yo‘qligi) tufayli avtomobil haydovchilari avtomobillarni ta'mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ishlarga (yoki boshqa kasbga ishlashga) o‘tkazilgan hollarda bekor turib qolgan butun vaqt uchun ularning mehnatiga bajariladigan ish bo‘yicha, biroq avvalgi (asosiy) ish bo‘yicha o‘rtacha oy lik ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda haq to‘lanadi.
Haydovchilar avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish va ularni ta'mirlash ishlariga o‘tkazilganda ularga ushbu davrda malaka darajasi uchun beriladigan ustama haq to‘lanmaydi.
Ta'mirlovchi va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning maxsus shtatini saqlashga ehtiyoj bo‘lmagan va shuning uchun haydovchilar ish vaqtida avtomobillarni ta'mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ishlarni bajaradigan tashkilotlarda (agar bu ishlarni texnik xizmat ko‘rsatish stansiyalarida yoki avtotransport tashkilotida bajarish imkoni bo‘lmasa) mazkur ishlarni bajarish vaqti uchun haydovchilarga belgilangan shartlarga muvofiq belgilangan ustamalar va qo‘shimcha haqlarni hisobga olgan holda haq to‘lanadi.
Nizomda ko‘rsatilmagan mukofot berish, moddiy yordam va boshqa rag‘batlantiruvchi to‘lovlar hamda kompensatsiya to‘lovlarni to‘lash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qabul qilingan xodimlar mehnatiga haq to‘lashga doir tashkilotning lokal hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Haydovchining aybi bo‘lmagan holda bo‘sh turib qolgan vaqt uchun ish haqi qonun hujjatlarida belgilangan o‘rtacha oylik ish haqi miqdorida to‘lanadi.
Haydovchining aybi bilan bo‘sh turib qolgan vaqt uchun ish haqi to‘lanmaydi.
Ikki nafar haydovchi bir vaqtda bir avtomobilda uzoq reysga yuborilgan hollarda har bir haydovchiga ish haqi reysga sarflangan ish vaqti hisob-kitobidan kelib chiqib vaqtbay to‘lanadi.
Mehnatga ishbay haq to‘langanda avtomobil haydovchilarining ishbay haqi malaka darajasiga egalik uchun ustama haqni hisobga olmagan holda teng ulushlarda haydovchilar o‘rtasida bo‘linadi.
Agar uzoq reyslarga yuborilgan haydovchilarga yo‘nalish varag‘iga muvofiq avtomobildan tashqari smenalararo dam olish vaqti berilsa (mehmonxonada, kempingda, xizmat yoki ijara uyida), bu vaqt ish vaqtiga kiritilmaydi va unga haq to‘lanmaydi.
Jamoaviy shartnomalarda haydovchilarga boshqa ustamalar va qo‘shimcha haqlar nazarda tutilishi mumkin.
Tashkilotlar haydovchilarining (yuk avtomobillari haydovchilaridan
tashqari) mehnatga haq to‘lash bo‘yicha Mehnatga haq to‘lash
yagona tarif setkasi bo‘yicha razryadlar
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati Xo‘jalik faoliyati boshqarmasi Avtoxo‘jaligi balansida bo‘lgan yengil avtomobillar haydovchilariga razryadlar mazkur jadvalda belgilangan razryadga nisbatan uch razryad, avtobuslar haydovchilariga ikki razryad yuqori belgilanadi.
Qonun hujjatlarida tashkilotga o‘zi uchun alohida razryad belgilash vakolati berilgan bo‘lsa, ushbu tashkilotda mazkur jadvalda belgilangan razryaddan boshqa razryadlar qo‘llanilishi mumkin.
Tashkilotlardagi yuk avtomobillari haydovchilarining
mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha razryadlar
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati Xo‘jalik faoliyati boshqarmasi Avtoxo‘jaligi balansida bo‘lgan yuk avtomobillari haydovchilariga razryadlar mazkur jadvalda belgilangan razryadga nisbatan ikki razryad yuqori belgilanadi.
Qonun hujjatlarida tashkilotga o‘zi uchun alohida razryad belgilash vakolati berilgan bo‘lsa, ushbu tashkilotda mazkur jadvalda belgilangan razryaddan boshqa razryadlar qo‘llanilishi mumkin.
Mavzuga oid
07:30 / 05.11.2024
Qozog‘istonda o‘zbekistonlik haydovchiga jarohat yetkazgan fuqaroga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
11:30 / 01.11.2024
Toshkentda yo‘l talashgan haydovchilar o‘zaro janjallashdi
07:50 / 26.10.2024
O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi 5,1 mln so‘mdan oshdi
12:14 / 11.10.2024