«Menga uy kerak. Mirzacho‘l tumani hokimi menga uy bermayapti. Iltimos, ehtiyojmand oilalar uchun qurilayotgan uydan olishimizda yordam bersangiz. Ikkinchi guruh nogironman, farzandim ham nogiron, ikkimiz ijarada yashaymiz. Juda qiynalib ketdik. Farzandim uchun doriga pul topaymi yoki ijaraga pul to‘laymi? Ahvolimiz nihoyatda achinarli...»
Siz Jizzax viloyati, Mirzacho‘l tumani «Mustaqillik» mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi S.N tomonidan tahririyatga yo‘llangan murojaatning qisqacha mazmuni bilan tanishdingiz.
Vaziyatni o‘rganish maqsadida Mirzacho‘l tumaniga yo‘l oldik. Tuman markazidamiz. Ko‘cha boshida bizni kutib olgan ayol yo‘l-yo‘lakay o‘z dardini ko‘zda yosh bilan ayta ketdi:
— Juda qiynalib ketdik. Uyimizda sharoit yo‘q. Ijarada yashaymiz. Ishlay desak — ish yo‘q. Ayol boshim bilan ro‘zg‘orni o‘zim ta'minlayman. Nogiron farzandimga qarayman. Turmush o‘rtog‘im ham vaqtincha ishsiz. Juda ko‘p joyga murojaat qildim. Xalq qabulxonasi, tuman, viloyat hatto Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, xullas, bormagan joyim qolmadi. Hamma joyda bir xil javob: «Sizga tuman hokimligi uy berishi kerak». Lekin uydan darak yo‘q. Mening murojaatlarimga Mirzacho‘l tuman hokimligi panja ortidan qarab kelmoqda. Tuman hokimi va adliya boshqarmasi rahbari bir bo‘lib meni qo‘rqitib, tushuntirish xati yozdirib oldi. Menga «yozuvchi» deb laqab ham qo‘yishgan. Alam qilgani shuki, Mirzacho‘l tumani hokimi Komil Xolmurodov «Yana bir marta yuqori tashkilotlarga murojaat qilsang seni ma'muriy javobgarlikka tortaman», deb qo‘rqitdi. Menga yordam bering.
Mirzacho‘l tumani hokimligidamiz. Keltirilgan e'tirozlarga tuman hokimi Komil Xolmurodov shunday javob qildi:
— Murojaatchi S.N.ni juda yaxshi taniyman. Qabulimda bo‘lgan. U 2018 yil kuzida bizga uy olishi masalasida murojaat qilgan edi. Arizachini 2019 yilda uy oluvchilar ro‘yxatga kiritib qo‘yganmiz, ammo S.N.ga biz tavsiya qilayotgan uylar yoqmayapti. Bittasining yonida katta ko‘cha o‘tgan bo‘lsa, yana birining yonida ariq o‘tgan, deydi. S.N.ga uning talablari darjasida uy qurib berish va topish uchun menda vakolatning o‘zi yo‘q. Biz murojaatchining va farzandining nogironligini hisobga olib, ro‘yxatga kiritganmiz. Lekin shuni unutmaslik kerakki, tumanda S.N.dan boshqa ham sharoiti og‘ir, uyga muhtojlar bor. Menga nisbatan keltirilgan ayblovlar bo‘yicha shuni aytishim lozimki, men S.N.ni qo‘rqitib yoki tayziq o‘tkazib tushuntirish xati yozdirib olganim yo‘q, rosti, bu ayblovga ajablanmayman, chunki murojaatchi bu yerda ishlayotgan barcha xodimlarni turli ayblovlar bilan ayblab kerakli joylarga xat bilan murojaat qilgan. Keyingisi siz bo‘lishingizga ham shubha qilmayman. Uni ogohlantirganimni tan olaman, chunki tuhmat uchun javobgarlik borligini eslatib qo‘yishni burchim, deb bilaman.

















