O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning strategik vazifalari amalga oshirilishi samaradorligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mas'uliyatini oshirishga doir birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a'zolari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimlarining shaxsan e'tibori mavjud kamchiliklarning qat'iyatlik bilan bartaraf etilishi zarurligiga, “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan asosiy prinsip o‘z vaqtida, aniq va to‘liq hajmda amalga oshirilishiga qaratiladi.
Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tubdan takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:
yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali va natijali ijro etilishida Hukumat a'zolari, ijro etuvchi hokimiyat boshqa organlari rahbarlari, barcha darajalardagi hokimlarning shaxsiy roli va mas'uliyatini oshirish;
idoraviy mansub tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilishning aniq tizimini joriy etish orqali vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning biriktirilgan sohada davlat siyosati samarali va sifatli amalga oshirilishida, shu jumladan, moliyaviy resurslarni boshqarish masalalarida mustaqilligini oshirish;
aniq ko‘rsatkichlarga va maqsadli indikatorlarga erishishga asoslangan barcha darajalardagi ijro etuvchi hokimiyat organlari va ularning rahbarlari faoliyatini baholashning prinsipial jihatdan yangi tizimini joriy etish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani strategik rivojlantirishning yaqin, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan dasturlarini amalga oshirish sifati va samaradorligini ta'minlash;
hududlarni, eng avvalo, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishda orqada qolayotgan qishloq tumanlari va shaharlarni rivojlantirishning istiqbolli vazifalarini samarali hal etish bo‘yicha davlat boshqaruvi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining muvofiqlashtirilgan ishini ta'minlash, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining topshiriqlari va hujjatlari ijrosini tizimli va amaliy nazorat qilishni takomillashtirish;
davlatning iqtisodiy faoliyatdagi ishtiroki tartibi va darajasini aniq reglamentlash orqali iqtisodiyot tarmoqlariga ma'muriy ta'sir ko‘rsatishni yanada qisqartirish va boshqaruvning bozor mexanizmlarini kengaytirish, “xufiyona iqtisodiyot”ning oldini olish, pasaytirish va tizimli qarshi kurashish yuzasidan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

















