O‘zbekiston | 14:28 / 31.01.2019
6116
4 daqiqa o‘qiladi

Hukumat qarori: ko‘p kvartirali uylarni boshqarishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etiladi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining “2017-2019 yillarda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2016 yil 12 dekabrdagi 400-son qaroriga muvofiq Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarida majburiy badallarning hisob-kitobini yuritish va axborot-maslahat olish imkonini beradigan billing tizimi - “Obod uy” elektron dasturi ishlab chiqilgan va Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida namunaviy tarzda joriy etilib, sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan;

“Obod uy” elektron dasturini respublikaning barcha shahar va tumanlariga keng joriy etish maqsadida ushbu dastur va uning barcha dasturiy ta'minot bazasi belgilangan tartibda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimidagi “UNICON.UZ” davlat unitar korxonasi hamda “Smart technologies group” mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga bepul topshirilgan.

Qarori bilan ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimiga “Obod uy” elektron dasturini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

Chora-tadbirlar rejasiga ko‘ra, “Yagona hisob-kitob markazi” davlat unitar korxonalari va ularning filiallariga “Obod uy” elektron dasturi joriy etiladi. Bunda “Yagona hisob-kitob markazi” davlat unitar korxonalari va ularning filiallariga belgilangan tartibda “Obod uy” elektron dasturining login va parollari taqdim etiladi, “Obod uy” elektron dasturining uzluksiz ravishda samarali ishlashi uchun uni texnik tomondan qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi.

Shuningdek, respublikadagi mavjud xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari va boshqaruvchi tashkilotlar bo‘yicha barcha ko‘p kvartirali uylardagi kvartiralar “Obod uy” elektron dasturi bilan qamrab olinadi. Ko‘p kvartirali uylarni kvartiralar bo‘yicha xatlovdan o‘tkazish orqali ma'lumotlar bazasi shakllantiriladi, ular “Obod uy” elektron dasturi tizimiga kiritiladi.

Bundan tashqari, “Obod uy” elektron dasturi ko‘chmas mulk kadastrining billing tizimiga integratsiya qilinishi ta'minlanadi hamda to‘lovlar Markaziy bankning hisob-kitoblar kliring tizimi orqali onlayn tarzda amalga oshiriladi.

“Obod uy” elektron dasturida xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari va boshqaruvchi tashkilotlarga tijorat banklari tomonidan ajratilgan kredit mablag‘lari maqsadli va samarali sarflanishi yuzasidan doimiy nazorat o‘rnatish mexanizmi yaratiladi. Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari va boshqaruvchi tashkilotlar tomonidan tijorat banklaridan olingan kreditlarning sarflanishi doimiy ravishda “Obod uy” elektron dasturiga kiritib boriladi va shu orqali kreditlar xususiy uy-joy mulkdorlari tomonidan sarflanishi nazorat qilinadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid