Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, doimiy propiskaga ega bo‘lish uchun fuqarolar davlat xizmatlari ko‘rsatishning soddalashtirilgan tartibini ta'minlaydigan elektron tizim orqali murojaat qilishlari mumkin.

Shuningdek, Fuqarolar qonun hujjatlariga muvofiq, doimiy yashash joylarida propiskadan o‘tishlari va/yoki turgan joylarida hisobda turishlari shart.

Agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, turgan joyi bo‘yicha hisobga olinmaganligi yoki doimiy propiskada turmaganligi fuqaroga xizmat ko‘rsatishni rad etish uchun asos deb hisoblanishi mumkin emas. Fuqarolar yangi yashash joyiga kelgan kunlaridan boshlab besh kun ichida doimiy propiskada turish yoki hisobga qo‘yish uchun hujjatlar taqdim etishlari shart.

16 yoshga to‘lmagan shaxslarni doimiy propiska qilish va hisobga olish ularning ota-onalari yoki ularni o‘rnini bosuvchi shaxslarning xohishiga ko‘ra ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi.

Fuqaro ro‘yxatdan chiqish uchun TShIIBB MvaFRBga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 16 fevraldagi 41-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish va turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibi to‘g‘risida Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shakl bo‘yicha ariza;

pasport yoki tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma;

mudofaa ishlari bo‘limidan hisobdan chiqarilganligi haqida belgi bo‘lgan hisob-harbiy hujjatlar;

uy daftari yoki qayd etish kartochkasi va kvartiralar bo‘yicha kartochka;

ro‘yxatdan chiqarganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan miqdorda davlat boji to‘langanligi to‘g‘risidagi kvitansiya.

Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarni ro‘yxatdan chiqarish mahkumning ishonchnomasi asosida yoki uy-joy binosidan foydalanish huquqini yo‘qotganlik haqidagi sud qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.