Ma'lumki, chigirtka respublikaning ayrim hududlarida juda ko‘payib ketib, yaylovlarga, dalalardagi ekin maydonlariga katta ziyon yetkazadi. Bu zararkunandalarga qarshi dorilar va texnik vositalar bilan ta'minlangan maxsus guruhlar kurash olib boradi. Lekin chigirtkaga qarshi sepilgan dorilar u bilan birga yerdagi foydali hasharotlarni ham nobud qiladi, odamlarning sog‘ligiga zarar yetkazadi, ayniqsa, yosh bolalarda nafas yo‘llari bilan bog‘liq allergik kasalliklar ko‘payishiga olib kelmoqda, deya ma'lumot beradi «Milliy tiklanish» gazetasi.
G‘uzor tuman kengashi O‘zMTDP deputati Erniyoz Xolmirzayev muallifligidagi maqolada bayon etilishicha, foydali hasharotlar yerni kovlashi natijasida tuproq g‘ovaklanib, kislorod bilan ta'minlanadi. Ular olib kirgan ozuqalar chirindisi yerga o‘g‘it bo‘ladi. Dori sepilgan joylarda esa yer zaranglashib, o‘simliklar va o‘t-o‘lanlar kamayib ketadi, tabiat kambag‘allashib boradi. Bu esa chorva mollari boqiladigan yaylovlar qisqarishiga hamda dori sepilgan joylarda o‘tlagan hayvonlarning immuniteti pasayib, kasalliklarga chidamsiz bo‘lishiga, qolaversa, mollarning nasliga ham ta'sir qilib, qo‘zi, uloqlarning nimjon, kasalmand tug‘ilishiga olib keladi.
Muallif chigirtkadan parrandachilik va chorvachilikda unumli foydalanish mumkinligini ta'kidlab, bu borada o‘z taklifini bildiradi. Unga ko‘ra, chigirtkani 10 kunligidan boshlab yig‘ib, tovuqchilik, baliqchilik firmasiga 1 kilogrammini 5000 so‘mdan sotishni yo‘lga qo‘yish lozim. Amaliyotda kuzatilgan tajribalarga ko‘ra, chigirtkani iste'mol qilgan tovuq va kurkalarning tuxumlari katta, kaloriyasi yuqori, hatto tuxum ichidagi sarig‘i ikkitadan bo‘lishi mumkin.
G‘oya muallifi keltirib o‘tgan hisob-kitoblarga qaraganda, tovuq fermalariga bir kunda 1 tonna ozuqa ketadigan bo‘lsa, uning narxi o‘rtacha hisobda 1.5 million so‘m bo‘ladi. Yig‘ilgan chigirtka kilosiga 500 so‘mdan to‘lab olinadigan bo‘lsa, 1 tonnasi 500 ming so‘mga to‘g‘ri keladi. Texnik xarajatlar bilan undan sal ziyodroqqa ham tushishi mumkin.
«Hattoki chigirtkani yig‘ishtirib, issiqda quritib, chorva mollari uchun ozuqa sifatida qishga zaxira qilib saqlasa ham bo‘ladi. Buning uchun chigirtkalar ko‘p uchraydigan tumanlarda bahor oyida bu faoliyat yo‘lga qo‘yilib, tovuq fermalariga yetkazib berilsa, olam guliston», — deya qo‘shimcha qiladi u.
Chigirtkani ushlab, yig‘ish masalasida paydo bo‘lgan savolga Erniyoz Xolmirzayev oddiy yechimlarni taklif qiladi. Ya'ni ertalab va kechqurun chigirtkalar karaxt holda bo‘ladi. Shunda 3 yoki 5 litrlik tagi kesilgan plastik idishlar yordamida hasharotlar yerdan sidirib olinib, xaltaga joylanadi.
Yana bir usul: kunning issig‘ida yerga suv sepib, ko‘k bedani yoyib qo‘ysa, hamma chigirtka shunga yopirilib kelishini g‘oya muallifi o‘z tajribasida sinab ko‘rgan.

















