O‘zbekiston | 08:22 / 02.02.2019
5034
2 daqiqa o‘qiladi

Mamlakatlar riskini klassifikatsiyalash tizimida O‘zbekistonning o‘rni yuqoriladi

Foto: Getty Images

1 fevral kuni Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (IHRT) 30 yanvarda bo‘lib o‘tgan qo‘mita kengashining natijalariga ko‘ra mamlakatlar riskini klassifikatsiyalash tizimida O‘zbekiston Respublikasining o‘rni 6-guruhdan 5-guruhga ko‘tarilgani haqida rasman e'lon qilindi.

Moliya vazirligi xabariga ko‘ra, IHRTning maxsus qo‘mitasi mamlakatlar riskini klassifikatsiyalash tizimi orqali dunyoning 200dan ortiq davlatini guruhlarga ajratadi. IHRTga a'zo mamlakatlarning eksport-kredit agentliklaridan (agentliklar) tashkil topgan ushbu qo‘mita yilda bir marotaba har bir davlatning miqdor va sifat ko‘rsatkichlarini chuqur tahlil etgan holda 1-guruhdan (eng yuqori to‘lov qobiliyati) 7-guruhgacha (eng past to‘lov qobiliyati) klassifikatsiya qiladi.

Ma'lumot uchun, MDH davlatlaridan Rossiya 4-guruhga, Ozarboyjon va Qozog‘iston 5-guruhga, aksariyat boshqa davlatlar 6- va 7- guruhlarga ajratilgan. Rivojlanayotgan mamlakatlardan Braziliya, Turkiya, Serbiya va Vetnam kabi mamlakatlar 5-guruhda O‘zbekiston bilan bir qatorda o‘rin olgan.

Mamlakatlar riskini klassifikatsiyalash tizimida O‘zbekiston guruhining yaxshilanishi mamlakatimizga eksport-kredit agentliklarining kafolati ostida jalb qilinadigan kreditlar uchun sug‘urta badalini sezilarli ravishda kamaytiradi. 

Qolaversa, ushbu ko‘rsatkichning yaxshilanishi O‘zbekiston Respublikasining ilk xalqaro obligatsiyalarini jahon moliya bozorlarida muvaffaqiyatli joylashtirish uchun bevosita yordam berishi kutilmoqda.

Respublikaning ko‘p yillardan beri rasmiy murojaatlari ijobiy natija bermaganligini inobatga olsak, mazkur voqea chin ma'noda tarixiy ahamiyat kasb etadi, deyiladi xabarda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish