18:40 / 02.02.2019
29998

«O‘ZBEKISTON POCHTASI» iste'molchilarning tabiiy gazdan qarzdorligi oshib borishiga yana bir sababchimi?

«Foydalanilgan tabiiy gaz uchun to‘lov qilish maqsadida pochta filialiga kelgan edim. Oldindan ko‘proq to‘lab qo‘ysam, MIBdan eshigimni taqqillatib kelishganda xotirjam bo‘laman, deya uch million so‘m olib keldim. Qarangki, shu 3 million so‘mni pochta bo‘linmasi orqali to‘lasam 60 ming so‘m ortiqcha to‘lov qilishim kerak ekan – pochta xizmati uchun. Ana xolos, dedimu shu 60 ming so‘m ko‘zimga aziz ko‘rinib, pulimni behudaga sarflab nima qilaman degan o‘y bilan uyga qaytyapman. Tuman gaz idorasi yoki MIBga borib to‘lay desam, uyimdan ancha olisda, yo‘lga ham shuncha pul ketib qoladi. Ha, mayli, nima ham qila olaman, MIBdan uyimga kelishlarini kutganim men uchun foydaliroq ekan. MIBdagilar ham bir ko‘rinmasa, uch oylab ko‘rinish bermaydi-da, ishqilib ungacha pulimni ishlatib qo‘ymasam bo‘lgani...»

Pochta bo‘linmasidan kayfiyati buzilib chiqib kelayotgan nuroniy otaxonning afsus ila aytgan gaplari diqqatimni tortdi va bu masalani o‘rganishga qaror qildim.       

Haqiqatdan ham foydalanilgan tabiiy gaz uchun pochta bo‘linmalari orqali to‘lov amalga oshirilganda iste'molchidan jami to‘lov summasining ikki foizi miqdorda xizmat haqi olib qolinar ekan.

Pochta bo‘linmasi xodimasidan xizmat haqi ushlab qolish uchun huquqiy asosning mavjudligi haqida so‘raganimda, «O‘ZBEKISTON POCHTASI» AJning Toshkent filiali rahbari tomonidan 2018 yil 15 fevralda imzolangan 38-11-05/158-sonli topshiriq xatini taqdim etdi.

Unda ta'kidlanishicha, «O‘ZBEKISTON POCHTASI» AJ va «O‘ztransgaz» AK o‘rtasida aholidan tabiiy gaz to‘lovlarini qabul qilish xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha 2017 yil 7 iyulda tuzilgan Bosh kelishuvga muvofiq, «O‘ZBEKISTON POCHTASI» AJning hududiy filiallari tomonidan aholidan tabiiy gaz qabul qilish xizmati uchun rag‘batlantirish miqdori qabul qilingan summadan 0,1 foiz deb belgilangan. Bundan tashqari, «O‘ZBEKISTON POCHTASI» AJning hududiy filiallariga tabiiy gaz iste'molchilaridan qabul qilingan summadan ularning roziligi bilan 2 foiz miqdorda ko‘rsatilgan xizmat uchun komission xarajatlarni undirish huquqi belgilab qo‘yilgan.

Ha endi bu yog‘i bozor iqtisodiyoti, ko‘rsatilgan xizmat uchun haq olinsa nima bo‘pti, deysizmi?... Bir hisobdan xizmat uchun haq olinishi noto‘g‘ri ish emas, qolaversa hujjatda iste'molchining roziligi bilan, deb qo‘yilgan. Biroq, uning miqdori bugungi kunda pul o‘tkazmalari bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatuvchi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar (UzCard, Payme, Click va boshqalar) tomonidan taklif etilayotgan miqdordan ikki barobar qimmatdir. Qolaversa, pochta xodimlari bu xizmatlar uchun haqni iste'molchilarning rozi yoki rozi emasligidan qat'i nazar undirib kelishmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, pochta bo‘limi xizmati uchun to‘lovning 2 foizini to‘lashni istamagan iste'molchi tumangaz filiali yoki MIBga borib to‘lov qilishga majbur bo‘lmoqda.   

Bu amaliyot o‘z navbatida aholining foydalanilgan tabiiy gazdan qarzdorligi oshishiga oz bo‘lsa-da o‘z «hissasi»ni qo‘shmoqda. Ko‘pchilikka ma'lumki, joylarda, ayniqsa tuman markazlaridan olis bo‘lgan chekka hududlarda pochta bo‘linmalari ko‘rsatilgan kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishning eng qulay vositasi hisoblanadi.

Masalaning boshqa bir qiziq tomoni diqqatimni tortdi. Qarangki, pochta bo‘linmasida foydalanilgan elektr energiyasi uchun to‘lov qabul qilinganda iste'molchidan ikki foiz tugul, umuman haq olinmas ekan. Gazga to‘lov qilinganda ikki foiz haq to‘laymiz, elektr uchun to‘lovni amalga oshirish esa bepul... Mantiqni topib olishga bir oz ojizlik qilgan bo‘lsam-da, xulosa qilish uchun yaxshi sabab topdim: demak, pochta bo‘limida gaz uchun to‘lov qabul qilinganda ham bepul xizmat ko‘rsatish mumkin ekan.

Balki, bu holat zamonaviy hisob-kitob va to‘lov tizimlari joriy etilgan shaharlar aholisi uchun muammodek ko‘rinmas. Biroq, bugungi kunda mamlakatimiz aholisining tabiiy gaz iste'molchisi bo‘lgan katta qismi hali ham ibtidoiy to‘lov usullaridan foydalanishga majburdirlar.

Zamon shiddat bilan o‘zgarib borayotgan, o‘zini oqlamagan har qanday tizim va amaliyotdan voz kechilib, ijtimoiy sohani rivojlantirish hamda aholiga xizmatlar ko‘rsatish sifati va samaradorligi muttasil oshirilishiga katta ahamiyat berilayotgan bir paytda «O‘ZBEKISTON POCHTASI» AJ va «O‘ztransgaz» AK o‘rtasida aholidan tabiiy gaz to‘lovlarini qabul qilish xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha 2017 yil 7 iyulda tuzilgan Bosh kelishuvni qayta ko‘rib chiqish vaqti yetmadimikin, deb o‘ylab qoldim...

Mazkur masala yuqori instansiyalar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi va «O‘zbekneftegaz» AJ tomonidan birgalikda ko‘rib chiqilib, fuqarolarning manfaatlariga mos qaror qabul qilinsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Dilshod Abduqodirov

huquqshunos

Top