Yo‘llarning holati – fuqarolarning mahalliy hokimiyat ishi haqidagi fikrlarini shakllantiradigan muhim omildir. Millionlab odamlar har kuni shu yo‘llarni bosib o‘tadi, ishga, yumushga boradi. Agar yo‘llarning holati yaxshi bo‘lsa, odamlarning og‘iri yengillashadi, uzog‘i yaqinlashadi, turmush sharoiti yaxshilanadi, turli qulayliklardan bahramand bo‘lishadi. Agar yomon bo‘lsa-chi? Yo‘llarning rasvoligi natijasida og‘iri yanada og‘irlashayotgan, oddiy qulayliklardan mosuvo bo‘layotgan aholining kayfiyati qanday bo‘lishi mumkin?
Kun.uz tahririyatiga kelgan murojaatlardan biri aynan shu mazmunda bo‘ldi. Unda Xorazm viloyati Urganch tumani Amudaryo mahallasidagi yo‘llarning ahvoli juda yomonligi, natijada aholining muammolari ko‘payib borayotgani haqida yozilgan edi.
Murojaat asosida mahallaga borib, vaziyatni o‘rgandik, aholi bilan suhbatlashib, muammolari to‘g‘risida ma'lumotlar oldik.
Urganch tumani G‘alaba qishlog‘idagi Amudaryo mahallasida 200dan ortiq xonadonda 1500dan ortiq kishi istiqomat qiladi. Mahallani viloyat markazi Urganch shahridan 3 kilometr masofa, Navro‘z shaharchasidan esa atigi bitta zahkash ajratib turadi. Mahalliy taksi haydovchilari orasida u «Hayot yo‘q mahalla», ya'ni «dunyodan uzilgan mahalla» nomi bilan mashhur. Yo‘llarining rasvoligi tufayli «dunyodan uzilib qolishi», elektr energiyasi ta'minotidagi tez-tez uzilishlar, aholining oddiy maishiy qulayliklardan mahrum ekani shunday nomga sabab bo‘lgan.
Mahallaga qo‘shni bo‘lgan Navro‘z shaharchasi bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, aholi uchun mavjud sharoitlarda juda katta farq borligini ko‘rish, go‘yo bu mahalla tuman uchun «yot, o‘gay» bo‘lib qolgandek tasavvurga borish mumkin.
Amudaryo mahallasida yo‘l yo‘q desa ham bo‘ladi. Agar tuproq tortilgan, yozda chang-to‘zon bo‘lib yotadigan, qishda botqoqqa aylanadigan so‘qmoqlarni yo‘l deb hisoblash mumkin bo‘lsa, bor. Mahalla yo‘llari aynan shunday.
«Yomg‘ir yoki qor yog‘ishi bilan mahallamiz yo‘llari o‘tib bo‘lmas darajaga kelib qoladi, chunki tosh yotqizilmagan, asfalt qilinmagan. Yozda esa chang-to‘zon ostida qolamiz. Yanvar oyida kuchli yog‘ingarchilik bo‘ldi, natijada, yo‘llarning rasvosi chiqdi. Farzandimni maktabga yuborganimda, yo‘lda loyga yiqilib, kiyimlarini bulg‘ab, 3 marta uyga qaytib keldi. Har safar kiyimini almashtirib, maktabga qaytarib yuborganman», - dedi shu mahallada istiqomat qiluvchi Sharofat Norboyeva.

«Bu mahallaga taksida kelolmaysiz. Mahalla manzilini eshitgan taksi haydovchisi yoki rad qiladi yoki ikki-uch barobar ko‘p yo‘lkira so‘raydi. Bunday rasvo yo‘llarda kim ham transport vositasini boshqarishni istaydi?! Loyga botib qolishi, chuqurchaga tushib, biror joyi buzilib, ishdan chiqishi hech gap emas. Hatto tez yordam mashinasi ham bu mahallaga kelmaydi. Chunki, loyga botib qoladigan bo‘lsa, chiqib ketolmaslikdan qo‘rqadi. Tez yordam chaqirsak, «asfalt yo‘lga chiqib turinglar» deyishadi. Kasal bilan loy ichidan 1 kilometr yo‘l bosib, asfalt yo‘lga chiqishimiz kerak ekan, aks holda kelmaydi», - deydi shu mahallada yashovchi Dilbar Masharipova.



















