O‘zbekiston | 08:58 / 06.02.2019
10535
4 daqiqa o‘qiladi

Qurilish materiallari sohasidagi sertifikatlashning amaldagi tizimi tubdan takomillashtiriladi

Foto: Fotolia

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Qurilish materiallari va buyumlari sohasidagi standartlashtirish va sertifikatlashning amaldagi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Qayd etilishicha, quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining loyihalashtirish, qurilish, qurilish materiallari va buyumlarining ishlab chiqarish sohasida standartlashtirishdagi asosiy vazifalari hisoblanadi:

O‘zbekiston Respublikasi standartlashtirish sohaviy tizimi doirasida qurilishda standartlashtirish  sohasidagi siyosatni amalga oshirish;

qurilish materiallari va buyumlari sohasidagi standartlashtirishda xalqaro (davlatlararo) tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish;

qurilish materiallari sohasidagi xalqaro (davlatlararo) texnik qo‘mitalar bilan xalqaro (davlatlararo, mintaqaviy) standartlarni ishlab chiqarishda ishtirok etish va ularni respublika hududida qo‘llash;
xalqaro (davlatlararo, mintaqaviy) standartlarning, xorijiy mamlakatlarning milliy standartlarini ilmiy-texnik va huquqiy ekspertizasini o‘tkazish;

O‘zbekiston Respublikasining qurilish sohasidagi mavjud davlat standartlarini xalqaro (davlatlararo, mintaqaviy) standartlar bilan uyg‘unlashtirish;

loyihalash, qurilish, qurilish materiallari va buyumlari sohasida ilmiy-tadqiqotlar olib borish;

fan va texnika taraqqiyoti darajasiga muvofiq qurilish sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat standartlarini ishlab chiqarish va qayta ko‘rib chiqish;

qurilish sohasida O‘zbekiston Respublikasining davlat standartlari, xalqaro (davlatlararo, mintaqaviy) standartlari va xorijiy davlatlarning milliy standartlari fondini shakllantirish va yuritish.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi:

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilishda standartlashtirish respublika markazining qurilish materiallari va buyumlari sohasidagi standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitasining faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqadi;

2019 yil 1 apreliga qadar ISO xalqaro texnik qo‘mitalariga (ISO/TS 7 Beton, temirbeton va oldindan zo‘riqtirilgan beton, ISO/TS 74 sement va ohak va boshqalar) a'zo bo‘lish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘radi;

MTK 540 “Stroitelnyye materialy i izdeliya” va boshqa davlatlararo texnik qo‘mitalari bilan ishlarni kuchaytiradi;

2019 yil 1 iyuniga qadar qurilishda sertifikatlashtirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rsin va O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi huzuridagi Akkreditatsiya markazi tomonidan belgilangan tartibda qurilish materiallari va buyumlarini sertifikatlashtirish idorasini akkreditatsiyadan o‘tkazadi.

Qurilish materiallari va buyumlari sohasida standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitasining samarali faoliyat ko‘rsatishi mas'uliyati O‘zbekiston Respublikasi Qurilish Vazirligi zimmasiga yuklatiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilishda standartlashtirish respublika markaziga davlat tomonidan mablag‘ bilan ta'minlanishi kerak bo‘lgan standartlashtirish ishlarini ta'minlash uchun har yili respublika budjetidan mablag‘ ajratishni nazarda tutadi.

Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining birinchi o‘rinbosari - transport vaziri A.J.Ramatovga va qurilish vaziri A.X.To‘xtayevga yuklanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid