3,8 mlrd so‘mlik televizorlarning noqonuniy olib kirilishi fosh qilindi
Davlat bojxona xizmati organlari tomonidan respublikamiz hududiga tovar-moddiy boyliklarning bojxona chegaralari orqali noqonuniy ravishda olib kirilishining oldini olish maqsadida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, deb xabar beradi Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati.
Shunga qaramay, ayrim qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlar tomonidan tovarlarni bojxona nazoratidan chetlab yoki yashirincha olib kirishga bo‘lgan urinishlar, buning uchun esa turli hiyla-nayranglarni ishga solish holatlari hamon ko‘zga tashlanmoqda.
Yaqinda Davlat bojxona qo‘mitasi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda ana shunday noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruhning kirdikorlari fosh qilindi.
Qo‘shni davlatdan Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining “Yallama” chegara-bojxona posti orqali respublikamizga kirib kelgan, qo‘shni davlat fuqarosi boshqaruvidagi yuk avtotransport vositasiga tegishli hujjatlar ko‘zdan kechirilganida, bojxona xodimlarni shubhalantirgan ayrim jihatlar namoyon bo‘ldi.
Hujjatlarga ko‘ra, respublikadan go‘yoki tranzit tarzida o‘tayotgan mazkur yuk avtotransport vositasiga ortilgan yuklarning invoys hujjatlari qarangki, 2 xil ekan.
Ularning biri respublikaga kirib kelishda bojxona organlariga taqdim qilish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unga ko‘ra avtotransport vositasiga qiymati 17 ming AQSh dollaridan oshiq bo‘lgan 2482 dona televizorlar va 200 dona issiqlik radiatorlari ortilgani qayd qilingan.
Ammo, chegaradan chiqib ketish davomida bojxona organlariga taqdim qilinishi lozim bo‘lgan soxta invoysda esa issiqlik radiatorlari 100 taga kamaytirib ko‘rsatilgan, televizorlar o‘rniga esa kulolchilikda qo‘llaniladigan materiallar, ko‘rpa-to‘shaklar va turli g‘iloflar borligi aks ettirilgan.
Hujjatlardagi nomuvofiqliklarga oydinlik kiritish maqsadida mazkur yuk avtotransport vositasi belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, unga 4 turdagi 2680 dona chet elda ishlab chiqarilgan televizorlar ortilgani aniqlandi. Ularning umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 3 mlrd. 816 mln. so‘mni tashkil qilmoqda.
Demak, jinoiy guruhning hiylasiga ko‘ra respublika hududidan go‘yoki tranzit tarzida o‘tkazilayotgan mazkur televizorlar aslida ichki hududda tushirib qoldirilishi va ularning o‘rniga chiqib ketishda boshqa tovarlar ortilishi rejalashtirilgan.
Jinoiy guruh a'zolari ushbu kontrabanda mahsulotlarini respublika hududida tushirib qoldirish rejasi fosh qilinishining oldini olish maqsadida bojxona xodimlarini pora evaziga og‘dirishga harakat qilishadi va bojxona xodimlariga 9 ming AQSh dollarini pora sifatida taklif qilishadi. Ammo, ularning bu nayrangi ham naf bermadi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Shuningdek, jinoiy guruhning qolgan a'zolarini ham fosh qilish va ularga nisbatan jazo muqarrarligini ta'minlash yuzasidan tezkor tadbirlar davom ettirilmoqda.
Mavzuga oid
18:46 / 05.09.2023
Bolalar uchun mo‘ljallangan Kivi Kids TV televizori taqdim etildi
19:30 / 31.01.2023
Imtiyoz, qulaylik va yo‘qolayotgan byurokratiya – bojxona tizimida nimalar o‘zgardi?
22:37 / 20.01.2023
Belarusda shaffof televizor yaratildi
23:41 / 11.01.2023