Jahon | 17:14 / 10.02.2019
8003
3 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi qora tanli askarga irqchilik uchun 635 ming dollar tovon to‘laydi

Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi qoratanli askarga xizmatdoshlari tomonidan irqchilik qilingani uchun 490 ming funt-sterling (635 ming AQSh dollariga yaqin) mablag‘ni tovon sifatida to‘laydigan bo‘ldi, deb yozmoqda Daily Mail gazetasi.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, asli kelib chiqishi fijilik bo‘lgan Inok Momonakaya Iroq va Afg‘onistonda xizmat qilgan chog‘da bir necha marta Lankaster hersogi polkidagi xizmatdoshlari tomonidan tahqirlangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, britaniyalik harbiy xizmatchilar uni va asli fijilik bo‘lgan yana besh askarni Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi uchun tayyorlangan o‘quv videosi sahnalarida «Tolibon» radikal harakati askarlari sifatida namoyon bo‘lishga majburlashgan va buni terining rangi bilan tushuntirishgan.

Shuningdek, askarlar fijiliklarga o‘zlari xizmat qilgan joydagi ko‘lni suzib o‘tishga majbur qilishgan va har qanday e'tiroz qoratanlilar «suvdan qo‘rqishi, suzishni bilmasligi» bilan bog‘langan.

Nashr xabarida bunday munosabatlar Momonakayani o‘z joniga qasd qilish tomon yetaklagani qayd etilgan.

«Irqchilik menda o‘zimni o‘ldirish istagini paydo qildi. Men hamon psixologik reabilitatsiya kursini o‘tamoqdaman, ehtimol, hech qachon ishga qayta olmasman», — deya uning so‘zlarini keltirmoqda nashr.

U tovon puli to‘lanishiga olti yillik sud mojarolaridan so‘ng erishgan.

Britaniya mudofaa vazirligi tovon puli to‘lanishi haqidagi qarorni sharhlashdan bosh tortgan.

«Buyuk Britaniya qurolli kuchlarida diskriminatsiya va qo‘rqitish hech qachon bo‘lmagan va bunga hech qachon yo‘l qo‘yilmaydi. Biz [tovon puli to‘lash borasida] erishilgan kelishuvni sharhlashni o‘rinsiz deb bilamiz», — deyilgan vazirlik xabarida.

Mavzuga oid