Korrupsiyaga qarshi kurashning oltin qoidalari mavjud emas: u turli jamiyatlarda har xil ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ma'lumotiga ko‘ra, respublika bo‘ylab, 2018 yilda 1561 nafar turli toifadagi mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu shaxslarning 821 nafari o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish, 138 nafari pora olish va berish, qolganlari esa boshqa mansabdorlik jinoyatlarida ayblangan.
Hisobotda keltirilayotgan raqamlar kichik yo kattaligini tasdiqlab bo‘lmaydi. Shunga qaramay, korrupsiyaga qarshi kurash qanday kechayotganini tahlil qilish mumkin.
Nimalar qilindi?
O‘zbekistonning zamonaviy tarixida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilindi: BMT Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga qo‘shilish, «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonun, «Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori kuchga kirdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishning institutsional tuzilmasi sifatida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tashkil etildi. Ammo 2018 yil davomida faqat 138 nafar amaldorning pora olish va berish holati bilan qo‘lga tushgani, ishlar samarali tashkil etilganini anglatmaydi.
Negaki, korrupsiyaga aloqadorlikda ayblanib, jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarning aksariyatini - xo‘jalik yurituvchi sub'yekt rahbarlari (580 kishi), ta'lim sohasi vakillari (247 kishi), sog‘liqni saqlash tizimi vakillari (83 kishi) va qolgan qismini boshqa soha vakillari tashkil qiladi. Ya'ni, korrupsion holatlarni fosh etish ijtimoiy soha vakillari orasida tez-tez uchrab turibdi, ammo jamiyatning boshqa kasb egalari haqida ma'lumot mavjud emas. Jinoyati fosh qilingan mansabdor shaxslarning 39 nafari respublika, qolganlari viloyat tuman-shahar miqyosidagi vazirliklar, idoralar hamda korxona va tashkilotlarda ishlab kelgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashning 5 yo‘li
1. Korrupsiyaga qarshi kurashning asosiy richagi — jazoning muqarrarligi va javobgarlik mavjudligida. Qonunlarda javobgarlikni qat'iylashtirmasdan, har bir harakat uchun jazo muqarrarligini belgilamasdan, hech qaysi jamiyatda korrupsiyaga qarshi samarali kurash tizimini tashkil etib bo‘lmaydi. Masalan, O‘zbekiston Jinoyat kodeksida korrupsiya holatlarida ba'zan yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmasligi ham mumkin.
Masalaning boshqa tomoni esa jazo mavjud bo‘lsa-yu, javobgarlikka tortish holati yoxud ishlari sust kechsa, u holda nima qilmoq kerak? O‘ylashimcha, buning uchun quyidagi bandalarga e'tibor qaratish lozim.















