2020 yildan davlat qaramog‘idagi klublarda «ko‘tarma puli» tushunchasi bo‘lmaydi
2020 yildan boshlab O‘zbekistonning davlat korxonalari tomonidan moliyalashtiriladigan futbol klublarida ko‘tarma puli berish to‘xtatiladi. Bu haqda PFLning klublarga murojaatida aytib o‘tilgan.
Murojaatda aytilishicha, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi futbolchilarga beriladigan ko‘tarma pullari masalasini tartibga solish yuzasidan ish olib bormoqda. Shundan kelib chiqib, barcha futbol klublari ko‘tarma pullarini berish tartibiga mas'uldir.
«PFL tomonidan taqdim etilgan shartnomalarda futbolchilarga ko‘tarma pullari oyma-oy bir xil miqdorda berilishi belgilab qo‘yilgan. Tashkilot yilda ikki marta o‘tkaziladigan audit tekshiruvida bu jihatga jiddiy e'tibor qaratadi. Agar biror futbolchi ko‘tarma pulining katta qismini birdaniga olgani aniqlansa, O‘FA mazkur jarayon yuzasidan ish ochadi. Bunda futbolchi ham, klub ham jiddiy sanksiyalar bilan yuzlashadi.
Ayni vaqtda na O‘FA va na PFL ko‘tarma pullari miqdorini chegaraladi. Ammo uni to‘lash tartibini aniq ko‘rsatib berdi. 2020 yildan boshlab davlat korxonalari tomonidan moliyalashtiriladigan futbol klublarida ko‘tarma puli degan tushunchaning o‘zi bo‘lmaydi», – deyiladi murojaatda.
Xabar qilinishicha, bungacha ko‘tarma pullarini birdaniga talab qilgan futbolchilarning keyingi faoliyatlari qoniqarli bo‘lmagan holatlar ko‘p. 2019 yilda barcha futbolchilar o‘z daromadlaridan to‘lanadigan soliqlarga, o‘zlari tuzgan shartnomalarga jiddiy munosabatda bo‘lishlari shart. Bularning barchasiga klublar javobgardir.
«Shuningdek, mazkur jarayonda futbolchilarning o‘zlari ham jazoga tortilishi mumkin. Futbolchilar o‘zlari talab qilayotgan umumiy summani klublardan oyma-oy olishi shart. Biror klub rahbariyati yoki mas'ul shaxs futbolchiga oldindan beriladigan ko‘tarma pulini va'da qilib, bu ishni amalga oshirgani aniqlansa, har ikki taraf ham jazoga tortiladi. O‘FA va PFL futbolchilarga, murabbiylarga to‘lanadigan oyliklar miqdoriga aralashmaydi. Ammo ularning berilishi tartibi jiddiy nazoratda bo‘ladi», – deyiladi PFL xabarida.
Professional futbol ligasi futbol jamoatchiligidan mazkur masala yuzasidan futbolchilarni ogohlantirishda yordam so‘ragan. «Biror iqtidorli futbolchining sanksiyalar ortidan jabr chekishi tashkilot uchun kerak emas. Ammo u qanday darajadagi futbolchi bo‘lmasin, umumiy tartiblarga, qonun va qoidalarga amal qilishi shart», – deya xulosa qilingan liga rahbariyati murojaatida.
Mavzuga oid
15:55 / 04.04.2024
Toshkentda talabalar o‘rtasida Coca-Cola homiyligidagi turnir o‘tkaziladi
19:04 / 16.03.2024
UZCARD O‘FA va PFL rasmiy hamkoriga aylandi
17:33 / 16.03.2023
BMB Trade group PFL rasmiy homiysiga aylandi
22:34 / 26.11.2022