O‘zbekiston | 18:00 / 21.02.2019
24340
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zdavkarantin» Qozog‘istonning O‘zbekistondan anor olib kirishga qo‘ygan taqiqi bo‘yicha izoh berdi

Foto: Pixabay

Avvalroq, Qozog‘iston O‘zbekistondan anor olib kirishni vaqtincha taqiqlagani haqida xabar berilgan edi.

“O‘zdavkarantin” axborot xizmati xabariga ko‘ra, Qozog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining rasmiy veb-saytida e'lon qilingan xabarda (20 fevral) qayd etilishicha, 2018 yil va joriy yilning yanvar-fevral oylarida Qirg‘izistondan Qozog‘istonga olib kirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari karantin ko‘rigidan o‘tkazilganda 465 ta holatda fitosanitariya talablari buzilganligi, jumladan, 59 holatda karantindagi zararli organizmlar mavjudligi aniqlangan.

Shuningdek, Qozog‘iston karantin xizmati O‘zbekistondan 2018 yilda ikki holatda (22 oktyabrda 684 kg va 31 oktyabrda 615 kg) jo‘natilgan anordan Komstok qurti borligi aniqlanganini ma'lum qilgan.

Xalqaro fitosanitariya nazoratini amalga oshirish tajribasiga ko‘ra, ko‘rik jarayonida o‘simlik va o‘simlik mahsulotlarida karantindagi zararli organizmlar aniqlansa, zudlik bilan eksport qiluvchi davlatning karantin xizmatiga ma'lum qilinadi.

Ayni paytda nima sababdan Qozog‘iston karantin xizmati anordan Komstok qurti aniqlanganidan qariyb 120 kun o‘tib bu haqda ma'lum qilgani hamda ushbu mahsulot importiga vaqtincha taqiq qo‘ygani o‘rganilmoqda va muzokaralar olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

O‘zbekistonning anor mahsuloti asosan Rossiya bozorlariga yetkaziladi (ko‘p hollarda Qozog‘iston O‘zbekiston anorlarini Rossiyaga reeksport qiladi).

Mamlakat eksportyorlariga hozirda anor mahsulotini Rossiya va boshqa mamlakatlarga Qozog‘iston hududi orqali tranzit tarzida olib o‘tishlarida hech qanday to‘siqlar mavjud emasligini ma'lum qilindi.

Muzokaralar yakuni bo‘yicha qo‘shimcha axborot beriladi.

Mavzuga oid