O‘zbekiston | 22:37 / 22.02.2019
5695
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Yevropa, Shimoliy Amerika va Osiyo mamlakatlari universitetlari ishtirokida ta'lim forumi o‘tkazildi

O‘zbekistonda birinchi marta Yevropa, Shimoliy Amerika va Osiyo mamlakatlarining 50 dan ortiq universitetlari ishtirokida ta'lim forumi o‘tkazildi. Kun.uz'ga ma'lum qilinishicha, tadbirda Germaniya, Buyuk Britaniya, AQSh kabi davlatlarning xorijda ta'limni targ‘ib qiluvchi milliy agentliklari hamda o‘ndan ortiq mamlakatlarning yetakchi universitetlari vakillari ishtirok etishmoqda.

BeginGroup bosh direktori Olga Gozmanning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston universitetlari yaxshi salohiyatga ega. Mamlakat dinamik rivojlanayotgan, siyosiy barqaror iqtisodiyot hamda yosh xalqaro ta'lim xabi sifatida xorijiy talabalarda tobora ko‘proq qiziqish uyg‘otmoqda.

Forum doirasida O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Malayziya, Estoniya, Latviya, Germaniya, Shveytsariya, Polsha, Turkiya, Chexiya, Vengriya, Buyuk Britaniya, AQSh, Yaponiya oliy ta'lim muassasalari oliy va qo‘shimcha ta'lim dasturlari, hamkorlikdagi ta'lim dasturlari, amaliyot va malaka oshirish dasturlarini taqdim etishdi.

Shuningdek turli mamlakatlar OTMlari o‘rtasidagi xalqaro hamkorlik, O‘zbekiston oliy ta'lim muassasalarining global oliy ta'lim bozoriga chiqishi, respublika universitetlari targ‘iboti kabi masalalar ko‘rib chiqildi.

"Mazkur forumda ishtirok etayotganimizdan juda xursandmiz. Bugun juda ko‘p talabalar yonimga kelib, Germaniyada ta'lim olish va ilm-fan yo‘nalishida hamkorlik imkoniyatlariga qiziqish bildirishdi. O‘zbekistonga bajonidil yana kelamiz va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlaymiz", - dedi StudyinGermany vakili janob Saymon Krechmar.

Mavzuga oid