O‘zbekiston | 22:00 / 26.02.2019
8836
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Rossiyaning OTM filiallarini tashkil etish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim tasdiqlandi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorini imzoladi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida Rossiya Federatsiyasining oliy ta'lim bo‘yicha ta'lim muassasalari filiallarini tashkil etish va ularning faoliyat yuritishi to‘g‘risida hukumatlararo bitim tasdiqlandi.

«O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi tomonidan mazkur xalqaro shartnoma kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan davlat ichki tartib-taomillari bajarilgani to‘g‘risida tegishli bildirishnoma yo‘llasin.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirgandan keyin O‘zbekiston Respublikasining majburiyatlari bajarilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni ta'minlasinlar», deyilgan hujjat matnida.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning 19 oktabr kunida, Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inomjon Majidov va Rossiya Federatsiyasi fan va oliy ta'lim vaziri Mixail Kotyukov O‘zbekiston Respublikasida Rossiya Federatsiyasining oliy ta'lim bo‘yicha ta'lim muassasalari filiallarini tashkil etish va ularning faoliyat yuritishi to‘g‘risida hukumatlararo bitim imzolangandi.