O‘zbekiston | 21:11 / 28.02.2019
11413
3 daqiqa o‘qiladi

Senator aholini oziq-ovqat bilan ta'minlashda paydo bo‘lgan jiddiy tahdidni ma'lum qildi

Yer bilan bog‘liq munosabatlarda yanada ayanchli holat yer ajratish tartibi buzilayotganida, deb hisoblaydi senator Turg‘un Iskandarov.

28 fevral kuni Oliy Majlis Senatining XVIII yalpi majlisida yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi masalalari ko‘rib chiqildi.

«Buning oqibatida qishloq xo‘jaligidagi sug‘oriladigan yerlar muomaladan chiqib ketmoqda. Bu esa son jihatdan o‘sib borayotgan aholini oziq-ovqat va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta'minlashda jiddiy tahdid solmoqda», ​–​ deydi senator.

Prokuratura organlari tomonidan 2018 yilda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida bir ming 830 ta holatda mansabdor shaxslar tomonidan 30 ming 755 gektar yer maydonlari noqonuniy ajratilganligi aniqlangan.

Shu bois Jinoyat kodeksi yangi qonun bilan «Yer berish tartibini buzish» deb nomlangan 229-4-modda bilan to‘ldirilmoqda. 

Unga ko‘ra, yer berish tartibini buzish, shunday harakat uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, eng kam oylik ish haqining bir yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud muayyan huquqdan mahrum qilib bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha kiritilmoqda. Kodeks 60-moddasi dispozitsiyasidagi «xuddi shuningdek yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish» degan so‘zlar chiqarib tashlanmoqda.

«Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks quyidagi mazmundagi ikkinchi va uchinchi qismlar bilan to‘ldirilmoqda. Ya'ni, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, fuqarolarga eng kam ish haqining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma'muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi», ​–​ deydi senator.

Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni birinchi marotaba sodir qilgan shaxs, agar o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasining qaytarilishini ta'minlasa hamda o‘zboshimchalik bilan egallab olishning oqibatlarini bartaraf qilsa, javobgarlikdan ozod etiladi.

Mavzuga oid