O‘zbekiston | 00:59 / 02.03.2019
6155
2 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash sohasida Britaniya texnologiyalaridan foydalaniladi

O‘zbekiston Respublikasi innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi va Crown Agens Limited kompaniyasi (Buyuk Britaniya) o‘rtasida tibbiyot sektorida hamkorlik qilishga doir Anglashuv memorandumi imzolandi. 

Milliy palata matbuot xizmatining xabar berishicha, hujjat Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi raisi Ravshan Izamov va Crown Agens Limited kompaniyasining Sharqiy Yevropa hamda Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy menejyeri Olga Silvestrova tomonidan imzolangan. Memorandum O‘zbekiston-Britaniya kengashining savdo va sanoat bo‘yicha 24-yig‘ilishi doirasida imzolandi. 

Tadbir doirasida tomonlar O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sektorida Britaniya kompaniyasi texnologiyalari asosidagi uchuvchi loyihani amalga oshirishga doir kelishuvga erishildi. 

Ta'kidlash joizki, Crown Agens Buyuk Britaniyada 1838 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib keladi. Kompaniyaning blokcheyn texnologiyasini qo‘llovchi raqamli platformasi tovarlar, xususan dori vositalari va tibbiyot uskunalarini iste'molchigacha yetkazib berish zanjirini kuzatish imkonini beradi. Kompaniya BAA va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida mazkur texnologiyalar qo‘llanuvchi innovatsion loyihani amalga oshirgan. Mamlakatimiz sog‘liqni saqlash sohasidagi tub islohotlarni inobatga olgan holda, Crown Agens ayni damda bunday yo‘nalishdagi loyihani O‘zbekistonda ham amalga oshirish dolzarb ahamiyat kasb etadi, deb hisoblaydi.  

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid