Jamiyat | 11:15 / 16.03.2019
11183
5 daqiqa o‘qiladi

16 mart kuni O‘zbekistonda yurish marafoni tashkil etildi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Xalqimizda kasalni davolagandan ko‘ra, oldini olgan afzal, degan naql bor. Shuning uchun ham mamlakatimizda yuqumli bo‘lmagan kasalliklar hamda ularning xavf omillarining oldini olish, davolash va nazorat qilish, aholining barvaqt o‘lim hamda kasallanishini kamaytirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, deb xabar beradi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining o‘tgan yilning 18 dekabridagi “Yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning profilaktikasini, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu kabi sa'y-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqish imkonini bermoqda.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Ushbu vazifalar ijrosini ta'minlash hamda aholi orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan mamlakat bo‘ylab joriy yilning 16 mart kuni respublikada yurish marafoni tashkil etildi. 

Jumladan, erta tongdan Toshkent shahridagi muhtasham va ko‘rkam Milliy stadionida Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov boshchiligida vazirlik markaziy apparati xodimlari, tizimdagi muassasalar rahbarlari, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari rektorlari ishtirokida yurish marafoni tashkil etildi. Yurtimizning taniqli san'atkorlari, madaniyat namoyondalari o‘zlarining chiqishlari bilan tadbirga fayz kiritgan bo‘lsa, tibbiyot xodimlari tomonidan sog‘lom turmush tarzining ahamiyati, jumladan, yurishning sog‘lik uchun foydali jihatlari haqida suhbatlar o‘tkazildi. 

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma'lumotiga ko‘ra, inson salomatligi 55 foiz holatda sog‘lom turmush tarziga, 20 foizi yashayotgan ekologik muhitiga, 15 foizi irsiy omillarga, bor-yo‘g‘i 10 foizi tibbiyotga bog‘liq ekan. Demak, sog‘lom turmush tarziga muntazam ravishda amal qilish turli xastaliklardan xoli, chiroyli va baxtli yashash omilidir. Eng muhimi, millat genofondiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. 

— Hozirgi urbanizatsiya davrida kamharakatlilik butun dunyoning o‘tkir muammosiga aylanmoqda. Holsizlik, uyquchanlik, uyquning buzilishi, diqqat-eʼtiborni jamlashning sekinlashishi, xotiraning pasayishi, sababsiz charchash hissi, semizlik — bu kabi belgilar har bir kishida uchraydi, lekin kamdan-kam odamlar bu holatlarni kamharakatlilik bilan bog‘laydi, — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori Barno Odilova. — Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotiga ko‘ra, yiliga chekishdan 5 milliondan ziyod, kamharakatlilikdan esa qariyb 5,3 million odam hayotdan ko‘z yumadi. Ushbu globallashib borayotgan muammoni hal qilishga har birimiz mas'ulmiz. O‘z o‘rnida Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarni faol harakatga chaqirib, yurish marafonini tashkil qildi. Asosiysi, bu kabi tadbirlar bir martalik emas, balki doimiy tarzda o‘tkaziladi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

E'tiborli jihati, yurish barcha sport turlari orasida eng osoni va qulayidir. Buning uchun juda ko‘p energiya sarflashning hojati yo‘q, ijobiy ta'siri esa juda yuqori. Yurish organizmning umumiy holatiga ta'sir ko‘rsatadi, mushaklarni baquvvat qiladi, suyak to‘qimasini mustahkamlaydi, harakatlarni muvofiqlashtirishni rivojlantiradi. Jismoniy faoliyatning bunday turi harakatning eng xavfsiz turi hisoblanib, uni deyarli har bir kishi — o‘smirdan tortib, keksa odam ham bemalol bajarishga qodir.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Mutaxassislarning ma'lum qilishicha, haftada atigi 2,5 soatlik jismoniy faollik erta o‘lim holatlarini 28 foizga, yurak kasalliklarini ehtimolini esa 20 foizga kamaytirar ekan. Ya'ni, haftada kamida 150 daqiqa jismoniy faol bo‘lgan insonlar kamroq harakatlanadiganlarga qaraganda sog‘lomroq ekan. Bundan tashqari, jismoniy faollik natijasida organizmda biosintez jarayoni faollashadi, qon aylanish jarayoni 4-5 marta kuchayadi, yurak qisqarishlari soni tezlashadi, bu esa organizmda yangi energiya hosil bo‘lishiga va energiya bilan ta'minlanish yaxshilanishiga olib keladi.

Mavzuga oid