10:42 / 18.03.2019
19954

Qishloq xo‘jaligi vazirligi prezident tomonidan imzolangan yangi qarorga tushuntirish berdi

Illyustrativ foto

2019 yil 14 martdagi PQ №4239 Prezident qaroriga binoan O‘zbekistonda ixtiyoriylik va o‘zaro ishtirok tamoyillari asosida mustaqil va o‘zaro bog‘liq qishloq xo‘jaligi korxonalari, fermer, dehqon xo‘jaliklari hamda tomorqa yer egalarining kooperatsion birlashishi instituti joriy etiladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi va boshqa davlat idoralari tomonidan ishlab chiqilgan mexanizmga binoan boshlang‘ich loyihalar sifatida Jizzax viloyatining G‘allaorol va Zomin, Samarqand viloyatining Bulung‘ur va Urgut, Farg‘ona viloyatining Oltiariq va Quva, Toshkent viloyatining Qibray va Parkent tumanlarida qishloq xo‘jaligi birlashmalari tashkil etiladi. 

Vazirlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu qishloq xo‘jaligi birlashmalari meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash va sotishda faoliyat olib boradi.

Tajriba-sinov bosqichi 2019-2020 yillarda amalga oshiriladi va uning yakunlariga ko‘ra qishloq xo‘jaligi birlashmalarining kooperatsion birlashuvi instituti respublikaning boshqa hududlarida tatbiq etish rejalashtirilgan. 

Kooperatsion birlashuv institutining an'anaviy tizimdan asosiy afzalliklari meva-sabzavot mahsulotlarining bozorlarini marketing-tahlil qilish, qishloq xo‘jaligi texnikasidan birgalikda foydalanish, sotuvlarni markazlashgan holda yo‘lga qo‘yish, mahsulotlarni ishlab chiqarish yuzasidan kelishilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish kabi raqobatda ustunlikka erishishga ko‘maklashuvchi imkoniyatlar mavjudligidan iborat.

Fermer xo‘jaliklarini yangi tizimga jalb qilish maqsadida davlat tomonidan bir qator rag‘batlantirish choralari joriy etiladi. Jumladan, 2019 yil 1 martdan boshlab ixtisoslashgan qishloq xo‘jaligi birlashmalari a'zolari qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish va ularni keyinchalik almashtirish to‘g‘risidagi qarorni mustaqil ravishda qabul qilish huquqiga ega bo‘ladi. 

Bundan tashqari, Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan ko‘chatlar va sertifikatlangan urug‘larni hamda meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash uskunalarini xarid qilish uchun tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlari qisman qoplanadi. Qo‘llab-quvvatlash tijorat banki tomonidan belgilangan foiz stavkasining 25 foizi miqdorida, ammo 5 foizli punktdan yuqori bo‘lmagan, valutada beriladigan kreditlar bo‘yicha 1,5 foizli punktdan yuqori bo‘lmagan miqdorda amalga oshiriladi. Qishloq xo‘jaligi birlashmalaridan meva-sabzavotlarni sotib oladigan eksportchilar ham davlat tomonidan Davlat budjeti hamda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi mablag‘lari va jalb etiladigan xalqaro moliyaviy institutlar mablag‘lari hisobidan qo‘llab-quvvatlanadi. Subsidiya qishloq xo‘jaligi birlashmalari a'zolarini meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarishning yangi texnologiyalariga o‘rgatish, agrotexnik tadbirlar monitoringini o‘tkazish va meva-sabzavot mahsulotlarining tashqi bozorlarida marketing tadqiqotlarini o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarining 50 foizini tashkil etadi.

Qarorga muvofiq, qishloq xo‘jaligi birlashmalariga a'zolik ixtiyoriy hisoblanadi hamda ta'sis hujjatlarida nazarda tutilgan miqdorda kirish a'zolik badallari (paylarni) kiritish yo‘li bilan pay asosida amalga oshiriladi.

Ushbu mexanizm meva-sabzavotchilik sohasida qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish, sifatli meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarish va uning eksporti barqarorligini ta'minlash, mahsulot ishlab chiqaruvchilarining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Bildirilishicha, qayd etilgan kooperativ mexanizmi bir qator davlatlarda (Niderlandiya, Norvegiya, Daniya, Shvetsiya, Finlyandiya va Yaponiya) qishloq xo‘jaligi mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilarning 100% birlashtiradi, Fransiya va Germaniyada - 86%. Xitoyda 2 millionga yaqin birlashmalar ro‘yxatga olingan va fermerlarni 47% ushbu birlashmalarga a'zo bo‘lgan. Rossiyada 5.8 mingta, Qozog‘istonda - 2,8 mingta va Qirg‘izistonda - 442 qishloq xo‘jaligi birlashmalar mavjud.

Mavzuga oid
Top