Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksining loyihasi joylashtirildi.

Shaharsozlik normalari va qoidalari shaharsozlikning asosi bo‘lib, ular O‘zbekiston Respublikasi va uning qismlari hududlarini rivojlantirish va qurishni rejalashtirish, binolar, inshootlar hamda boshqa obektlarning loyihalashtirilishi, qurilishi va rekonstruksiyasi, binokorlik materiallari va buyumlarini ishlab chiqarish sohalardagi normalar va qoidalarni belgilaydi.

Shaharsozlik normalari va qoidalari shaharsozlik soxasidagi reglamentlar va davlat qurilish standartlari talablarida ham ifoda etiladi.

Shaharsozlik normalari va qoidalari shaharsozlik faoliyatini amalga oshiruvchi davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ijro etishi uchun majburiydir.

Shaharsozlik normalari va qoidalari shaharsozlik sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

Shaharsozlik vositalari orqali shahar va qishloq aholi punktlari aholisining qulay yashash sharoitlarini ta'minlash, xo‘jalik va boshqa faoliyatning atrof muhitga yetkazadigan zararli ta'siriga yo‘l qo‘ymaslik, ekologik holatni yaxshilash, aholi punktlarining va ularga tutash hududlarning muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarini rivojlantirish, madaniy meros obektlarini saqlash, shuningdek shaharsozlik faoliyatidagi ochiqlik va shaffoflik jamiyatning shaharsozlik sohasidagi manfaatlaridir.

Aholi punktlarini va aholi punktlararo hududlarni barqaror rivojlantirish uchun sharoitlarni ta'minlash, muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarning davlat tizimlari ish olib borishi, tabiiy resurslarni saqlash, madaniy meros obektlarini muhofaza qilish, shuningdek manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik davlatning shaharsozlik sohasidagi manfaatlaridir.

Shaharsozlik sohasida jamiyat va davlat manfaatlarini uyg‘unlashtirish davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va jamoat birlashmalari tomonidan ta'minlanadi.

Yuridik va jismoniy shaxslarning shaharsozlik sohasidagi manfaatlariga ularning shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan manfaatlari taalluqlidir.

Yuridik va jismoniy shaxslarning shaharsozlik faoliyati, basharti bunday faoliyat chegaradosh yer uchastkalari va boshqa ko‘chmas mulk obektlarining mulkdorlari, egalari hamda mazkur uchastka va obektlardan foydalanuvchilar huquqlari va qonuniy manfaatlari amalga oshirilishiga monelik qiladigan bo‘lsa, cheklanishi kerak.