O‘zbekiston | 12:28 / 26.03.2019
13572
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston jahon pasportlari indeksida pastladi

Foto: KUN.UZ

Henley & Partners kompaniyasi turli mamlakatlar fuqarolari uchun harakatlanish erkinligi darajasini ko‘rsatadigan pasportlar reytingini yangiladi.

O‘zbekiston bir pozitsiyani yo‘qotdi va hozir 81-o‘rinni egallab turibdi. Respublika fuqarolari vizasiz 58 mamlakatga tashrif buyurishi mumkin.

Yaponiya, Singapur va Janubiy Koreya birinchi o‘rinni bo‘lishib turibdi. Ushbu davlatlar fuqarolari 189 mamlakatga vizasiz borishi yoki kelganidan keyin viza olishi mumkin. Germaniya 188ta mamlakat ko‘rsatkichi bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Uchinchi o‘rindan besh davlat o‘rin oldi - Daniya, Finlyandiya, Fransiya, Italiya va Shvetsiya (187 mamlakat).

Buyuk Britaniya va AQSh 2015 yilda egallagan birinchi o‘rindan hamon uzoqlashib ketmoqda. Buyuk Britaniya hozirda 5-o‘rinni egallab turibdi (185 mamlakatga vizasiz), AQSh - 6-pog‘ona (184 mamlakat). Brexit Buyuk Britaniyaning indeksdagi pozitsiyasiga hozircha ta'sir qilmadi. Reytingda mamlakat pozitsiyasining pasayishi, birinchi navbatda, Osiyo mamlakatlari natijalari yaxshilanishi bilan bog‘liq.

MDH mamlakatlari orasida Ukraina eng yaxshi ko‘rsatkichga ega (40-o‘rin, 128 mamlakat), undan keyin Moldova (45-o‘rin, 121ta mamlakat) va Rossiya (47-o‘rin, 118 mamlakat) bormoqda. Markaziy Osiyoda Qozog‘iston eng yaxshi ko‘rsatkichni qayd etdi (65-o‘rin, 76 mamlakat).

Afg‘oniston va Iroq vizasiz 30 mamlakat ko‘rsatkichi bilan so‘nggi pog‘onalarda qolmoqda.

Muqaddam Viza cheklovlari indeksi sifatida mashhur bo‘lgan Pasportlar indeksi Henley & Partners kompaniyasi tomonidan Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) bilan hamkorlikda 2006 yildan beri e'lon qilinadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid