2018 yilning 20 sentyabrida Toshkent shahar Yunusobod tuman ma'muriy sudida qiziq murojaat ko‘rib chiqildi. Fuqaro Sarvinoz Ibragimova Davlat test markazi mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari ustidan shikoyat ariza keltirgan. Sud sudya S.Qo‘chqorov, yordamchi A.Karimov, Yunusobod tuman prokurori yordamchisi, arizachining advokati va Davlat test markazi vakili ishtirokida ishni ko‘rib chiqdi.
S.Ibragimovaning aytishicha, u 2018 yilning 1 avgust kuni Buxoro davlat tibbiyot institutiga o‘qishga kirish uchun davlat imtihonini topshirgan. Imtihon Buxoro shahridagi «Semurg‘» sport majmuasida bo‘lib o‘tgan. Test sinovlari boshlangach, unga ajratilgan ruchka yozmasligini bilib qolgan. O‘sha yerdagi mas'ul xodimdan test javoblarini belgilash uchun boshqa ruchka so‘ragan. Lekin xodim yangi ruchka berish o‘rniga o‘sha ruchkani soz holga keltirishga uringan. Orada abituriyent vaqt yo‘qotgan va asabiylashishiga asos bo‘lgan. Shuningdek, test savollarini yechayotgan vaqtida 3 (uch) soat vaqt tugamasdan o‘sha yerdagi nazoratchi vaqt tugaganini aytib, javoblar varaqasini topshirishini talab qilgan. Bu orada vaqt behuda sarflangan va bir necha daqiqadan so‘ng belgilangan vaqtda javoblar varaqasini nazoratchiga topshirgan. Nazoratchilar u kechikkani uchun dalolatnoma tuzib, javoblarni qabul qilmasliklarini aytishgan. U o‘z vaqtida topshirganini aytishiga qaramay uning javoblar varag‘i qabul qilinmagan.
Abituriyent Vazirlar Mahkamasining «Oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori asosida ishlab chiqilgan nizomini asos qilib Davlat test markaziga murojaat qilgan. Unga o‘sha kuni kuzatuv kameralariga muhrlangan videoyozuvlar ko‘rsatilgan. Unga javoblar varaqasini 18:00:48da topshirgani va 48 soniya kechikkanini aytishgan. Abituriyent o‘zi bilan birga olib kirgan buyumlarini yig‘ishtirib o‘tirgan joyidan nazoratchining yonigacha kelgunga qadar shu 48 soniya sarflanganini aytgan.
Nizom talablarida aynan qaysi soniya javoblar varaqasining oxirgi soniyasi bo‘lishi kerakligi aytilmagani va ajratilgan vaqt tugashini bildiruvchi biror signal qayd etilmaganini tushuntirgan. Biroq, Davlat test markazi tomonidan bular inobatga olinmagan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, abituriyent suddan uning test jarayonlaridan chetlashtirish va natijalari chiqarilmaslikda ifodalangan xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy deb topib, javobgarga uning javoblar varaqasini ko‘rib chiqish majburiyatini yuklatishini so‘ragan.
Ikkinchi taraf bo‘lgan Davlat test markazi ishonchli vakili A.Yusupov shikoyat arizasini tan olmagan. U abituriyent Vazirlar Mahkamasining «Oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori asosida ishlab chiqilgan nizomning 52-bandini buzganini aytgan. Soat 18:00dan oshgan bo‘lishiga qaramay javoblar varaqasini topshirmaganini tushuntirgan. Bu o‘rinda nazoratchilar to‘g‘ri faoliyat olib borishganini bayon qilib, shikoyat arizani rad qilishni so‘ragan.
















