Jamiyat | 11:08 / 03.04.2019
6713
3 daqiqa o‘qiladi

Bojxonachilar 3,5 mlrd so‘mlik tovar-moddiy boyliklarning yashirin aylanmasiga chek qo‘yishdi

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Davlat bojxona qo‘mitasining Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan fosh etilgan qonunbuzarlik holatlarida muqaddam yo‘llar orqali olib kirilgan qiymati 3,5 milliard so‘mlik tovar-moddiy boyliklarning yashirin aylanmasiga chek qo‘yildi.

  Namangandan poytaxt tomon yo‘lga chiqqan fuqaro J.M. boshqaruvidagi “Isuzu” rusumli yuk avtotransport vositasi O‘rtachirchiq tumani hududida to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Sirtdan qaralganda avtomashina yukxonasiga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan turli kiyim-kechaklar ortilgandek tuyulsa-da, aslida bu tovarlar ortiga xorijda ishlab chiqarilgan va bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan 7 turdagi tovarlar yashirilgan ekan.

Tovarlarning asosiy qismini 14 ming donadan ortiq sifati kafolatlanmagan dori vositalari va tibbiyot buyumlari tashkil qilib, ularni saqlash va tashish qoidalariga umuman rioya qilinmagan. Shuningdek, 2 turdagi 301 dona elektr hisoblagichlar, 20 dona televizorlar, 494 dona turli xildagi ayollar va erkaklar kiyim-kechaklari, 7200 quti saqichlar, 31 dona biologik faol qo‘shimchalar va boshqa tovarlar borligi aniqlandi.

Mazkur tovar-moddiy boyliklarning umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra taxminan 1 milliard 67 million so‘mdan oshar ekan.

Ushbu qonunbuzarlik holatini ildizi bilan bartaraf qilish maqsadida ushbu shaxs istiqomat qilayotgan Namangan shahridagi xonadoni ham belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Ushbu hovli muqaddam aylanma yo‘llar orqali olib kirilgan tovarlar yashirincha saqlanayotgan omborga aylanib ulgurgan. Ko‘zdan kechirish davomida bu yerda 9 turdagi 19 ming donadan ortiq dori vositalari hamda 13,8 ming donadan ortiq flesh-kartalar borligi aniqlandi. Mazkur tovar-moddiy boyliklarning umumiy qiymati esa dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 1 milliard 434 million so‘mdan oshar ekan.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Shuningdek, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda aniqlangan yana bir qonunbuzilish holatida qiymati 1 milliard so‘mdan ziyod bo‘lgan tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy olib kirilishi oldi olindi.

Poytaxtda yakka tartibdagi tadbirkorlardan birining nomiga xorijdan keltirilgan kanselyariya tovarlarini ko‘zdan kechirish davomida bojxona yuk deklaratsiyasi va yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilgan tovarlar bilan konteynerdagi tovarlar o‘rtasida katta tafovutlar borligi ma'lum bo‘ldi.

Aniqlanishicha, og‘irligi salkam 10 tonna bo‘lgan 266 ming donadan ortiq kanselyariya tovarlari hujjatlarda umuman ko‘rsatilmagani ma'lum bo‘ldi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

Mavzuga oid