Men ushbu maqolaning muallifi sifatida hech qachon auksionlardan ko‘chmas mulk yo boshqa narsa xarid qilmaslikni maslahat beraman. Chunki bu xarid ortidan o‘zingizga bitmas-tuganmas boshog‘riq orttirib, ikki-uch yil o‘tib qadrsizlangan pulingizni qaytarib olishingiz ehtimoli juda-juda yuqori. Mulk hech qachon sizniki bo‘lmaydi. Hali qonunchiligimiz xom, sudyalarimizning ham aksariyati tajribasiz va ishni adolatli ko‘ra olishmaydi. Bu borada Samarqandda noyob tajriba to‘planayotganiga tan bermay iloj yo‘q. 

Nega bunday fikrda ekanligimni yana bir misolda tushuntirishga harakat qilaman.

Kun.uz saytida «Samarqandning mudramayotgan sudyalari «insofli xaridor»ni qanday sargardon qilishayotgani haqida hikoya» sarlavhasi ostida tahliliy maqola e'lon qilingan edi.

Unda onlayn auksion orqali uy xarid qilgan fuqaro qanday sarsongarchiliklarga giriftor bo‘lgani haqida hikoya qilgan edik. Maqolani shunday satrlar bilan tugatgan edim:

«Elektron-onlayn auksionida qatnashib, biror mulkni qo‘lga kiritishingiz hali ushbu mulk to‘liq sizniki degani emas. Biror mulkingiz auksionga qo‘yilib sotilib ketsa ham u hali butunlay «qo‘ldan chiqdi», degani emas. Uni hech bir to‘lovlarsiz, boz ustiga garovdan ham chiqarib, yana qo‘lga kiritishingiz mumkin. Chunki sudyalarimiz mudrashmayapti!»

Yangi hikoyamiz qahramoni — Kattaqo‘rg‘on shahrida istiqomat qiluvchi tadbirkor, «Faxriddin» ko‘p tarmoqli ishlab chiqarish firmasi rahbari Sanjar Bozorov ham  xuddi shu holatga tushib o‘tiribdi.

Aslida, mana shunday vaziyatlar yuzaga kelganda sudlar odilona va xolis qaror chiqarib berishi kerak. Kitoblarda ham shunday, sudyalarimiz bu borada qasamyod ham qilishgani yodimizda. Amalda esa, ularni tuturuqsiz, hech narsani o‘ylamasdan chiqargan qarorlari oqibatida hech qanaqa aybi yo‘q, faqat auksion orqali mulk xarid qilgan «insofli xaridor» sarson-u sargardon bo‘lmoqda.

Holbuki, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 229-moddasi (Mol-mulkni insofli egallovchidan talab qilib olish)ning 2-qismida «Agar mol-mulk sud qarorlarini ijro etish uchun belgilangan tartibda sotilgan bo‘lsa, mol-mulkni ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha talab qilib olishga yo‘l qo‘yilmaydi»,