Jamiyat | 16:01 / 08.04.2019
4408
3 daqiqa o‘qiladi

“Milliy” stadionda harbiy vatanparvarlik ruhidagi yirik tadbir o‘tkazildi

Toshkent harbiy prokuraturasi, Chilonzor tuman prokuraturasi va tuman mudofaa ishlari bo‘limi tashabbusi bilan Chilonzor tuman hokimligi, Yoshlar ittifoqi va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda tumandagi o‘rta maktab, kollej va boshqa ta'lim muassasalari o‘quvchi yoshlarini huquqiy ongi, huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ularda vatanparvarlik ruhini shakllantirish, ma'nan yetuk va jismonan sog‘lom bo‘lib yetishishlarida harbiy vatanparvarlik va sport tadbirlari o‘tkazildi.    

2019 yil 6 aprel kuni qayd qilingan muassasalarda o‘tkazilgan tadbirlarning yakuniy bosqichi Chilonzor tumanidagi “Milliy” stadionida “Yoshlar birligi – yurt tinchligi” shiori ostida tashkillashtirilib, unda tumandagi o‘rta maktab, kollej va boshqa ta'lim muassasalari o‘quvchi yoshlari ishtirok etdi.

Mazkur tadbirni ko‘tarinki ruhda o‘tkazish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Toshkent harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi, Ichki ishlar vazirligi Qorovul qo‘shinlari, Qurolli Kuchlar Akademiyasi harbiy xizmatchilari zamonaviy jang san'ati va qurol-aslahalar namoyishi bilan chiqishlar qilishib, Mudofaa vazirligi ashula va raqs ansambli hamda harbiy orkestr a'zolari harbiy vatanparvarlik ruhidagi kuy va qo‘shiqlarni ijro etishdi.

Tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad, Chilonzor tumani yoshlari o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ommaviy sportni rivojlantirish, yoshlarda jasurlik, mardlik, faxr va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otish hamda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdan iboratdir.  

Tadbir so‘ngida o‘quvchi yoshlar va ularning murabbiylari turli kitoblar (o‘zbek va jahon adabiyotlari) va boshqa sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Toshkent harbiy prokuraturasi

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish