Jamiyat | 20:21 / 08.04.2019
7233
2 daqiqa o‘qiladi

Tog‘li hududlarni tozalashga doir ko‘ngillilar ekoharakatga chorlanmoqda

13-14 aprel kunlari istagan inson katta ekoharakatning bir qismiga aylanishi mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarda shiPOWnik hamjamiyati tomonidan ilgari surilgan butun mamlakat bo‘ylab tog‘li hududlarni chiqindilardan tozalash va hududlar ekologiyasini saqlab qolish g‘oyasi faollar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. 

Birinchi aksiya 7 aprel kuni Chimyon hududidagi kanat yo‘li yaqinida o‘tkazildi. Bir necha faollar hududni tozalash ishlariga kirishishdi, biroq chiqindilar ko‘lami haddan ziyod kattaligi uchun qo‘shimcha tozalash ishlarini o‘tkazishga kelishildi. 

"Chiqindi shu qadar ko‘pki, biz kichik guruhimiz bilan butun chiqindilarning atigi 1 foizini ham tozalay olmadik. Do‘stlar, tog‘li hududlarni tozalashga oid xabar bilan imkon qadar bo‘lishsangiz va 13-14 aprel kunlari shanbalikka qo‘shilsangiz, barchamiz birga kuchmiz!" - deyiladi t.me/shiPOWnik_uz sahifasida. 

G‘oya va takliflarni +998 903 707 009 raqami orqali yo‘llash mumkin.

Ekoharakatga istagan odam qo‘shilishi mumkin, tashkilotchilar esa, o‘z navbatida, transport bilan ta'minlashga harakat qilishadi. 

Biroq keng ko‘lamli hududni tozalash uchun ekoharakatchilar qo‘llab-quvvatlashga muhtoj. Shu bois ular ekologiyani asrash yo‘lida tijorat kompaniyalari, nodavlat notijorat tashkilotlar va manfaatdor shaxslarning ko‘magiga umid qilishmoqda. 

Mavzuga oid