Jahon | 22:00 / 10.04.2019
50178
21 daqiqa o‘qiladi

Liviya inqirozi: Xalifa Haftar kim va kimlar kim tomonda?

4 aprel kuni Liviya milliy armiyasi qo‘mondoni, feldmarshal Xalifa Haftar mamlakatda hokimiyatni o‘z qo‘liga olishga qaror qildi va «terrorchilardan ozod qilish» maqsadida armiyasi bilan poytaxt Tripoliga yurish boshladi.

Bu amaliyot «Tripolini ozod etish operatsiyasi» deb nom oldi. 75 yoshli feldmarshal Tripoli aholisini qurollarni tashlab, oq bayroq ko‘tarib taslim bo‘lishga chaqirdi, u o‘z harbiylariga tinch aholi vakillari va xorijliklarni o‘qqa tutmaslikni buyurdi.

Tripoli mudofaasi

Nazvaniye

Marshalning rejalaridan boxabar bo‘lishi bilanoq Tripolidagi hukumat harbiylar va turli ko‘ngillilar uchun trevoga e'lon qildi. Liviya bosh vaziri, Tripolidagi milliy birlik hukumati rahbari Fayoz as Saraj Haftar armiyasini to‘xtatish uchun barcha hukumat kuchlarini oyoqqa turg‘azdi. 

Ichki ishlar vazirligi bayonotida «hujum qiluvchi tomon bu hujumning og‘ir oqibatlari uchun to‘liq javobgarlikni zimmasiga olishi» qayd etildi.

Fayoz as-Saraj o‘z telemurojaatida qon to‘kilishlaridan saqlanish uchun Haftarga yon bermoqchi bo‘lgani, ammo u «ortdan pichoq urgani» haqida gapirdi. U marshalni xiyonatda va davlat to‘ntarishida aybladi.

U o‘z hukumati shu vaqtga qadar faqat «qo‘lini tinchlik maqsadida ishlatgan», endi esa Haftar faqat «kuchli va mustahkam qo‘llar»ga duch kelishini ta'kidlab o‘tdi.

Evakuatsiya

Aeroportda evakuatsiya
Foto: AFP

Harbiy harakatlar boshlanishi barobarida AQSh Qurolli kuchlarining Afrika qo‘mondonligi Liviyadagi kontingentni ko‘chirishni boshladi. Yakshanba kuni boshqa davlatlar ham mamlakatdagi fuqarolarini evakuatsiya qilishga kirishdi.

«Liviyadagi xavfsizlik vaziyati og‘irlashdi va yana nimalar ro‘y berishini aytib bo‘lmaydi», deya bayonot berdi AFRICOM qo‘mondoni Tomas Uaylhauzer. Harbiylar qayerga olib ketilgani tafsilotlari ma'lum emas.

BMT ham Liviyada faqat eng muhim xodimlarini qoldirib, personalning asosiy qismini evakuatsiya qilishga qaror qildi. Hindiston Tunisdagi tinchlikparvar kuchlarini ko‘chirdi. Italiyaning Eni neft-gaz kompaniyasi ham mamlakatdan italiyalik xodimlarini olib chiqib ketishga kirishdi.

Qurolli to‘qnashuvlar

Liviya milliy armiyasi jangchilari
Foto: REUTERS

Xalifa Haftarning armiyasi dastlab poytaxt yo‘lidagi shaharlarni, poytaxtdan 100 km janubda joylashgan Garyan shahrini hamda poytaxtdan 60 km masofadagi Surman shahrini egalladi.

«Tripoli himoyasi ittifoqi» - qabilalar birlashmasi va hukumatga sodiq kuchlar Haftar qo‘shinlarini qarshi olishga chiqishdi. Birinchi to‘qnashuvlar vaqtida Haftar armiyasining 145 nafar askari asir olinib, 60ta texnika qo‘lga kiritilgani xabar qilindi.

Ko‘p o‘tmasdan avval hukumatga sodiqligini bildirib kelgan Liviyadagi yirik radikal jangarilar guruhi - «Maxsus qudratli kuchlar» (RADA Special Deterrence Forces) Haftar tomoniga o‘tib ketdi.

Mamlakatda turli guruhlar faoliyat olib boradi
Foto: GETTY IMAGES

Ko‘p o‘tmasdan Haftar armiyasi Tripolini uch tomondan o‘rab oldi: janglar poytaxtdan sharqdagi Tajur munitsipaliteti, g‘arbdagi Janzur tumani va janubdagi Tripoli xalqaro aeroporti joylashgan Bin-G‘ashir shahri hududida kechmoqda. Hujum qiluvchi tomon aeroportdan tashqari, davlat televideniyesi binosi va milliy bankni egallashni maqsad qilgan.

7 aprel kuniga kelib ikki tomon ham bir-biriga qarshi o‘t ochishni boshladi va dastlabki qurbonlar berildi. Yakshanba kuni tongida Tripolining janubiy qismiga havodan zarbalar yo‘llandi. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, bu hujum oqibatida Tripolida 32 kishi halok bo‘lgan, 80 kishi yaralangan. O‘z navbatida, Haftar kuchlari 19 jangchisini yo‘qotgan.

8 aprel kuni Haftar harbiylari Liviyadagi yagona aeroportga, Tripoli xalqaro aeroporti 2014 yilgi janglardan keyin ishdan chiqqach, aviareyslar amalga oshirishi yo‘lga qo‘yilgan Mitiga harbiy aerodromiga hujum boshladi. Natijada, bu aeroportni ham yopishga to‘g‘ri keldi, barcha reyslar bekor qilindi, yo‘lovchilar xavfsiz joyga ko‘chirildi.

Tripoli tomonida jang qiluvchi Misratdagi ayirmachilar 
Foto: EPA

Haftar kuchlari vakili Ahmad Mismarining Reuters agentligiga aytishicha, aviazarbalar nishoni yo‘lovchi samolyotlar emas, Misratga yuborishga tayyorlangan MiG-23 samolyoti va «Chinuk» vertolyoti bo‘lgan.

«Biz fuqarolik aviatsiyasini nishonga olmadik. Biz parvozlarni to‘xtatib qo‘yishni maqsad qilmagandik. Zarbalar bizga qarshi qo‘llanishi mumkin bo‘lgan obektlarga, jumladan ta'mirdagi MiG-23 samolyotiga yo‘llandi», deydi u. Aviazarbalar oqibatida harbiy samolyotdan tashqari, «Chinuk» vertolyoti ham yakson etilgan.

BMTning Liviya missiyasi bo‘yicha missiya (UNSMIL) rahbari Hasan Salame aeroportga hujum gumanitar huquqlar buzilishi ekanini, bu holat hududda eskalatsiya yuzaga kelayotganini ko‘rsatishini qayd etdi.

BMTning o‘t ochishni ikki soatga to‘xtatib turish haqidagi talabiga qaramasdan tomonlar harbiy harakatlarni davom ettirishdi.

Rossiyaning pozitsiyasi
4 aprel kuni Rossiya TIV rasmiysi Mariya Zaxarova rasmiy Moskva Liviyada kuch ishlatish ssenariysi ro‘y bermasligiga umid qilishi haqida gapirdi. «Biz bu inqiroz siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etilishiga umid qilamiz», dedi u.

Keyinroq Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov «faqat bir tomonni aybdor sifatida ko‘rsatmasligi»ni bildirib, liviyaliklar «o‘z taqdirini o‘zi belgilashi kerakligi»ni qo‘shimcha qildi.

«Liviya inqirozi NATO kuchlari bu mamlakatda 2011 yilda amalga oshirgan ishlar oqibatidir. Aynan o‘shandan buyon Liviya parchalangan davlatga aylandi, kelinglar, barchasini o‘z nomi bilan ataylik, janubdagi terrorchilar uchun yo‘laklar, shimoldagi noqonuniy migratsiya uchun teshiklar», dedi Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov shanba kuni Misrdagi chiqishi vaqtida.

BMT Xavfsizlik kengashida Buyuk Britaniya tomonidan Xalifa Haftarning hujumini to‘xtatish bo‘yicha rezolyutsiya taklif qilindi, ammo Rossiya bu rezolyutsiyani blokladi.

Qazzofiydan keyingi qo‘shhokimlik

Fayoz as Saraj
Foto: GETTY IMAGES

Fuqarolar urushi va 2011 yilda prezident Muammar Qazzofiy o‘ldirilganidan keyin Liviyada hech bir tomon hokimiyatni markazlashtira olmadi. 2011 yilning oktyabrida Qazzofiyning muxoliflari o‘tish davri milliy kengashi tashkil qilishgandi. 2012 yilning avgustida hokimiyat ovoz berish yakunlariga ko‘ra saylangan Umummilliy kongressga topshiriladi. 2014 yil yozida esa Umummilliy kongress o‘rniga Vakillar palatasi hokimiyatga keladi. Parlament a'zolari qurolli guruhlar nazoratida bo‘lgan Tripolini tark etishadi va mamlakat shimoli-sharqida joylashgan Tobrukka borib joylashadi.

Bir yarim yil vaqt o‘tib Liviyada xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan qonuniy hukumat yuzaga keladi. 2015 yilning dekabrida Marokashning Sxirat shahrida BMT ishtirokida kelishuv tuziladi va bu kelishuv Sxirat kelishuvi nomini oladi.

Kelishuv hujjatlariga ko‘ra, mamlakatda vaqtinchalikka Milliy birlik hukumati shakllantiriladi, prezidentlik kengashi (9 kishidan iborat) tuziladi. «Tripolidagi hukumat»ni bosh vazir Fayoz as Saraj boshqara boshlaydi.

Milliy birlik hukumati xalqaro doiralarda tan olingan hukumatdir, lekin uni parlament tasdiqlamagan. Qonunchilik organi ikki marta vazirlarning ro‘yxatiga qarshi ovoz bergan.

Bu hukumat bir necha yirik qurolli guruhlarni qo‘llab-quvvatlaydi va ularning faoliyatiga qarshilik qilmaydi. Bunday guruhlar esa istalgan vaqtda boshqa tomonga o‘tib ketishi mumkin, hukumat fuqarolar xavfsizligini kafolatlay olmaydi.

Siyosiy inqiroz hududdagi neftni kerakli miqdorda qazib olishga imkon bermaydi, mamlakatda energiya va oziq-ovqat bilan ta'minlash ahvoli og‘ir. Minglab liviyaliklar noqonuniy muhojirlar sifatida O‘rta Yer dengizini kechib o‘tib, Yevropaga yetib olishga harakat qilishadi.

Liviyaning alohida hududlarida yirik qurolli guruhlar nazorat o‘rnatgan. Jumladan, IShID, «Al-Qoida» va boshqa radikal guruhlar. Bu guruhlar kuchli markaziy hokimiyat yo‘qligidan foydalanib, aholi yashovchi hududlarni ham qo‘lga olgan.

Xalifa Haftar kim o‘zi?

Foto: AFP

Milliy birlik hukumati o‘z ta'sirini mamlakat sharqiga va janubga o‘tkaza olmagan va bu hududlarda Xalifa Haftar boshchiligidagi armiya va uning tarafiga o‘tgan parlament nazorat o‘rnatgan - «Tobrukdagi hukumat». Haftarni radikal kuchlardan himoya vositasi sifatida Misr, BAA va Fors ko‘rfazidagi boshqa davlatlar qo‘llab-quvvatlashadi.

Xalifa Haftar 40 yildan oshiq vaqt davomida Liviya siyosiy va harbiy hayotidagi muhim shaxslardan biri bo‘lib keladi. 1969 yilda u Muammar Qazzofiy tomonidan uyushtirilgan harbiy to‘ntarishda uning safdoshlari qatorida bo‘lgandi.

O‘tgan asrning 80-yillarida Haftar Chad-Liviya mojarosida ham muhim figuralardan biri bo‘lgan. U prezident topshirig‘i bilan Chad hududiga bostirib kirgan, ammo uning boshchiligidagi Liviya harbiylari 1987 yilgi janglardan birida mag‘lubiyatga uchragan, qo‘mondonning o‘zi esa asirga tushgan. Asirlikdan qaytgach, Qazzofiy uni harbiy amaliyot muvaffaqiyatsizligida ayblab qamoqqa tashlagan.

Qamoqdan chiqqach, Haftar AQShga ketgan va keyingi 20 yilini Qazzofiyga qarshi kurashga bag‘ishlagan. Haftar bu yillar davomida Virjiniya shtati hududida yashagan - Markaziy Razvedka boshqarmasi bosh qarorgohi ham aynan shu shtatda joylashgan. Bu fakt esa ayrim tahlilchilar tomonidan Haftarning Amerika razvedkasi bilan aloqadorligi haqida taxminlar qilinishiga asos bo‘lgan.

Liviyada isyon boshlangach, Haftar vatanga qaytgan va mamlakat sharqidagi isyonchilarga boshchilik qilgan. 2014 yilning fevralida u liviyaliklarga murojaat qilib, radikal kuchlar tomonidan tashkil etilgan Umummilliy kongressga qarshi chiqishga chaqirgan.

Haftarning pozitsiyasi ko‘pchilikka yoqib tushgan va u aholisi IShID va «Al-Qoida»ning mahalliy filiali «Ansor ash-Sharia»dan aziyat chekkan hududlarda shuhrat qozona boshlagan. Bu esa uning MRB bilan aloqadorligi hamda «Qazzofiyning odami» tamg‘asidan qutulishini ta'minlagan.

Liviya shariat qoidalari asosida rivojlanishi tarafdorlari esa Haftarning muxoliflariga aylanishgan. Ular «Ansor ash-Sharia» xalq bilan birga, Haftar esa xoin va terrorchi deb hisoblashadi.

2015 yilning 2 martida Haftar parlament tarafida jang qiluvchi qurolli kuchlar bosh qo‘mondoniga aylangan. U Qazzofiyning sobiq askarlarini birlashtirgach, 2017 yilda sharqdagi asosiy shahar - Bengazini egallagan. 

Shundan so‘ng Haftar boshchiligidagi qo‘shinlar mamlakat janubidagi neft qazilmalariga boy bo‘lgan hududlar ustidan nazorat o‘rnatgan, bu resurslar uning pozitsiyasini mustahkamlagan. Neft havzalari Umummilliy kongress bilan yaqin aloqalarda bo‘lgan guruhlardan yirik neft havzalari tortib olingan. Bu xizmatlari uchun parlament rahbari Akila Saloh - Haftarning muhim ittifoqchisi unga feldmarshal unvonini bergan. 

"Moskvaning do‘sti"

Parlament rahbari Akila Saloh Haftarning eng yaqin ittifoqchisi
Foto: AFP

Keyingi yillarda feldmarshal Xalifa Haftar rasmiy Moskva bilan qalin aloqalar o‘rnatgan. Uning nomi Rossiyaning Yaqin Sharqda ta'siri kengayishi haqidagi materiallarda tez-tez tilga olinadigan bo‘ldi. 2016 yilda feldmarshalning elchisi Abdulbosit al-Badri, parlament rahbari Akila Saloh hamda Haftarning o‘zi Rossiyaga yuqori martabali amaldorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish uchun keladi.

2017 yilning 11 yanvarida Haftar ruslarning Liviya suvlarida turgan «Admiral Kuznetsov» aviatashuvchisiga kelgan hamda Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan videokonferensiya o‘tkazgandi. O‘sha yilning avgustida liviyalik feldmarshal Moskvaga tashrif buyurib, Shoygu bilan «xalqaro terrorchilik guruhlariga qarshi kurashish» masalasida muzokaralar o‘tkazgan.

G‘arb Rossiya Haftar yordamida 2011 yil voqealaridan keyin «yo‘qotilgan» Liviyadagi ta'sirini kengaytirishidan xavfsiraydi. Ikki tomonda ham bir-biriga taklif qilish uchun nimadir bor. Haftar va uning armiyasiga qurol-yarog‘ kerak (BMT embargosi tufayli bu mamlakatga qurol yetkazish taqiqlangan), rasmiy Moskva esa O‘rta Yer dengizi qirg‘oqlarida ishonchli ittifoqchisi bo‘lishidan manfaatdor.

Shoygu o‘z chiqishlarida Suriya, Iroq va Liviya «o‘z holiga tashlab qo‘yilmasligi»ni bildirgandi. Mudofaa vaziri shuningdek, Rossiya xorijdagi harbiy bazalarini kengaytirishda davom ettirishiga sha'ma qilgan. 2008 yilda Liviya o‘z hududida Rossiya harbiy-dengiz kuchlari bazasi bo‘lishiga qarshilik qilmasligini ma'lum qilgan.

Haftar va hamrohlarining Moskvaga tashrifidan keyin G‘arb davlatlari Rossiya o‘z harbiy kemalarini Bengazi portiga, Yevropadan 700 km masofaga joylashtirishi mumkinligini faol muhokama qilishni boshlagandi.

2012 yilda Bengazida Amerika elchixonasiga uyushtirilgan hujumdan keyin amerikaliklarning Liviyadagi roli cheklandi va shu tufayli Yevropa bu davlatdagi inqirozli holat qarshisida yolg‘iz qoldi.

Rossiya Haftarni qurollantiradimi?

Haftar va uning ittifoqchilari Moskvaga kamida ikki marta kelgan
Foto: AFP

2016 yilning sentyabrida marshalning elchisi al-Badri Moskvaga kelib Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Bogdanov bilan uchrashdi. «Izvestiya» materialida, elchi Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Haftarning qurol yetkazib berish bo‘yicha iltimosini yetkazgandi.

Keyinroq vazirlik rasmiysi Mariya Zaxarova bu uchrashuvda Liviyaga qurol yetkazib berish masalasi muhokama qilinmagani aytib, Rossiya BMT XK tomonidan qabul qilingan embargo bo‘yicha qarorga qat'iy amal qilishini bildirdi.

2016 yilning dekabrida Rossiya TIV rahbarining boshqa bir o‘rinbosari Gennadiy Gatilov Rossiya nafaqat feldmarshal bilan, balki Liviyadagi boshqa «yirik o‘yinchilar» bilan, jumladan Akila Saloh, Fayoz as-Saraj va uning o‘rinbosari Ahmad Maytiga bilan ham uchrashuvlar o‘tkazishini ma'lum qilgan.

The Times marshalning yaqin safdoshlaridan biri Akram Buxulaygaga asoslangan holda Rossiya Haftar armiyasiga qurol yetkazib berishga tayyorligi haqida ma'lumot tarqatgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, marshal «Admiral Kuznetsov»ga kelganida zaruriy qurollar ro‘yxatini taqdim etgan, Rossiya esa BMT XKda embargo bekor qilinishi uchun sa'y-harakatlarini davom ettirishni va'da qilgan. Xabarlarga ko‘ra, tomonlar o‘rtasida ikki milliard dollarlik qurol yetkazish bo‘yicha kelishuv tuzilgan.

2017 yilning noyabrida liviyalik qo‘mondon yana bir marta Moskvaga kelib, Rossiya Mudofaa vaziri bilan uchrashgan, OAVda bu uchrashuvda rossiyalik biznesmen, «Vagner» xususiy harbiy kampaniyasi bilan aloqadorligi aytiladigan Yevgeniy Prigojin ham ishtirok etgani ma'lum qilingan.

Shoygu va Haftar 2018 yilning mayida ham videokonferensiya shaklida muzokaralar o‘tkazgan. 

2019 yilning mart oyida Britaniyaning The Sun gazetasi Liviya milliy armiyasi safida rossiyalik yollanma jangchilar ham borligi haqida xabar tarqatdi. Rossiya TIV bunday ma'lumotga ega emasligini ma'lum qildi.

OAVda Liviyada S-300 zenit-raketa majmualari va «Kalibr» qanotli raketalari ham mavjudligi haqida xabar tarqatilgan. Lekin qayd etish kerakki, Haftarda bunday qurollar, ayniqsa qanotli raketalarga ehtiyoj yo‘q, chunki liviyalik harbiylar bunday qurollardan foydalanishni o‘rganishmagan ham.

Parijdan nigoh
Rim va Parij Afrikada 19 asrdan buyon raqobat qilib keladi. Fransuzlar hozir ham sobiq koloniyalarida o‘z ta'sirini saqlab qolgan, ammo Italiya Liviyada bu borada aytarli natijalarga erisha olmagan.

Shu bilan birgalikda, Italiyaning sobiq bosh vaziri Silvio Berluskoni Muammar Qazzofiy bilan yaqin do‘st edi, ammo 2011 yilda ikki siyosatchida ham jiddiy muammolar yuzaga keldi: Liviya fuqarolik urushi girdobida qoldi, Italiyada hukumat inqirozi yuz berib, bu Berluskonining iste'fosi bilan yakunlandi.

Fransiya Qazzofiyning ag‘darilishidan keyin Liviyada boshlangan ziddiyatni hal etishda Yevropa vakiliga aylandi. 

Fransiya Liviyada hokimiyatni qo‘lga olib, o‘zaro kurashuvchi guruhlarni birlashtiruvchi kuchli siyosiy yetakchi bo‘lishidan manfaatdor. Liviyadagi parokandalik qo‘shni davlatlarga ham salbiy ta'sir ko‘rsatmasdan qolmagan, hududdagi guruhlar faoliyati masalan, 2013 yilda qo‘shni davlat Maliga ko‘chgan va Fransiya bu vaziyatga aralashishga majbur bo‘lgan.

Liviya atrofidagi ko‘plab davlatlar - Tunis, Chad, Nigerda muammolar shundoq ham yetarli va liviyalik jangarilar ular uchun ortiqcha bosh og‘riq.

To‘g‘ri, Liviya - mintaqadagi muammolarning yagona manbai emas, ammo muammolarning eng yirigidir. Parijdagilar bu muammoni qo‘shhokimlik asosida yechish imkonsizligini anglab yetishdi va shu tufayli fransuzlar Rossiya, Misr, Fors ko‘rfazlari davlatlari qatorida Xalifa Haftarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor.

Haftar «Liviya xaloskori»mi?

Foto: AFP

Haftar bilan yaxshi tanish bo‘lgan britaniyalik diplomat, Buyuk Britaniyaning Liviyadagi sobiq elchisi Piter Millettning hisoblashicha, BMTning chaqiriqlari samara berishi dargumon.

«Men u bilan Bengazida uchrashganman. U o‘ziga e'tibor tortmas, doimo sipo yurardi. Ammo u hamisha harbiy yechim ustuvor bo‘lishi kerakligini ta'kidlardi. Uningcha, avvalo harbiy qarorlar qabul qilish kerak, keyin siyosiy qarorlar keladi. Men unga ikki variantga ham tayanish kerakligini aytganman. Ammo menimcha u siyosiy jarayonlarni va siyosiy sulhlarni tushunmasdi. U o‘zini Liviya xaloskori deb biladi. Xuddi Misrning sobiq prezidentlaridan biri Nosir o‘zini «arab dunyosi xaloskori» deb bilgani kabi», deydi Millett Bi-bi-si bilan suhbatda.

U Haftar siyosatchi sifatida Liviyani birlashtirishiga ishonch bildirmagan.

«Uning vaziyatida bir qator ziddiyatlar mavjud. U sharqni qo‘liga olgan. U yaqinda janubni ham egalladi. Ammo Tripolida va uning atrofidagi hududlarda unga qarshilar juda ko‘pchilikni tashkil etadi. Shuningdek, Misrat shahri, Sirtda IShIDga qarshi kurashganlar Haftarga ham qarshi kurashadi va u Tripolini olishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qiladi», deb hisoblaydi diplomat.

Uning aytishicha, Haftar qasddan BMT talablarini inkor etmoqda.

«U Birlashgan Millatlar tashkilotiga «tumshug‘ini ko‘rsatib qo‘ydi». U hujumni Antoniu Gutterish Tripoliga kelgan vaqtda boshladi. Gutterish u bilan uchrashish uchun Bengaziga yo‘l oldi, Haftar esa unga dedi: «Men harbiy kampaniyani to‘xtatmayman». Bu ishlar Liviyadagi ziddiyatga barham berish va mamlakatni saylovlarga tayyorlash bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazilishiga bir hafta muddat qolganida ro‘y bermoqda», deya fikrlarini bildirib o‘tgan diplomat.

Barchasi o‘z joyiga qaytadimi?
Itoatsiz isyonkor general o‘z harakatlari xalqaro hamjamiyat tomonidan qoralanayotganiga qaramay, Liviya kelajagidagi siyosiy o‘rnini faqat harbiy yo‘l bilan egallashi mumkin, deb hisoblamoqda.

Diplomatlar u uzil-kesil mag‘lub bo‘lmagunicha chekinmasligidan tashvishda.

Qayd etish kerakki, Haftar ancha vaqtdan buyon shunday amaliyot boshlash bilan tahdid etib kelardi. 

Ko‘pchilik u bir yil davomida goh Parijga, goh Palermoga, goh Birlashgan Arab Amirliklariga uchib, muzokaralar o‘tkazishi vaqtdan yutishga imkon berib va yakunda mamlakatdagi siyosiy barqarorlikni ta'minlaydigan saylovlar o‘tkazilishiga ishonib qolgandi.

Bugungi kunda G‘arb davlatlarida Liviyadagi eskalatsiyaning oldini olish imkoniyatlari juda kam, bu davlat yana 2011 yilga qaytishi va barchasi yana qaytadan boshlanishi mumkin.

Aziz Qarshiyev tayyorladi

Mavzuga oid