Bundan 13 yil oldin, yaqin o‘tmishning eng yorqin va ziddiyatli siyosatchilaridan biri Muammar Qazzofiy NATO aralashuvi bilan qudratdan ketkazilgan va g‘azabnok olomon tomonidan kaltaklab o‘ldirilgandi. Kun.uz ekssentrik rahbarning hayot yo‘li haqida hikoya qiladi.

Bolalik yillari

Muammar 1940 yillarda, o‘sha vaqtda Tripolitaniya deb atalgan Italiya mustamlakasidagi qishloqlarning birida (hozirgi Liviya hududi), arablarning badaviylar qabilasiga mansub oilada dunyoga kelgan. Otasi chorvachilik bilan shug‘ullangan. 9 yoshida maktabga qatnashni boshlagan, oilasining ko‘chmanchi hayot kechirishi sababli maktabni bir necha bor o‘zgartirishga majbur bo‘lgan.

1959 yilda Bengazi shahridagi universitetning tarix fakultetiga o‘qishga kirgan, shu yerda marksizm g‘oyalari bilan tanishgan. O‘qishni tamomlagach, 1964 yildan harbiy kollejda tahsil ola boshlaydi. Keyinroq Britaniyaga o‘qishga yuborilgan va u yerda tank texnikasini o‘rgangan. Armiyadagi xizmat chog‘ida spirtli ichimliklar ichmasligi va ko‘ngilxushliklarda ishtirok etmasligi bilan ajralib turgan. Mamlakatdagi inqilobga qadar muhandislik qo‘shinlarida xizmat qiladi.

Bo‘lajak siyosatchi maktab yillaridayoq isyonkor kayfiyatda bo‘lgan. Yoshligida Misrning o‘sha vaqtlardagi prezidenti Jamol Abdulnosirga havas qilgan, Liviya qiroli Idris hokimiyatidan norozi yoshlarning maxfiy guruhiga asos solgan. Muammar talabalik yillarida “Erkin ofitserlar ittifoqchi-sotsialistlari” tashkilotini tuzadi. Bunda u Jamol Abdulnosirning hokimiyatni qo‘lga olish maqsadida tuzgan “Erkin ofitserlar” tashkilotidan ilhomlangandi.

Siyosiy faoliyatining boshlanishi

Liviya Birinchi jahon urushigacha Usmoniylar imperiyasi tarkibida edi, shundan keyin 1943 yilgacha Italiyaning mustamlakasi bo‘lgan, Ikkinchi jahon urushida Italiya yengilgach, Fransiya va Buyuk Britaniya boshqaruviga o‘tgan. 1951 yilda mustaqillik e’lon qilinadi va mamlakatda shoh Idrisning monarxiyasi qaror topadi.

Qirol Idris al-Sanussiy. Foto: AP Photo

Bu paytda Liviyada iqtisodiy ahvol tang bo‘lib, aholining katta qismi qashshoqlikda yashardi. Ammo, 1959 yilda Liviya hududidan katta neft konlari topiladi, bu esa mamlakatning moliyaviy ahvolini yaxshilashda muhim rol o‘ynadi. Shunday bo‘lsa-da, “qora oltin” sotishdan tushgan mablag‘lar monarx va uning atrofidagilar manfaati uchun ishlatila boshlanadi.