Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zga yurtda halok bo‘layotgan o‘zbek farzandlari - bu kabi fojialarning omillariga qachon barham beriladi?
20 aprel kuni Qozog‘istonning Jambul viloyati Qorday tumani hududida «Chimkent-Olmaota» trassasining 181-kilometrida avtobus ishtirokida yuz bergan yo‘l-transport hodisasida O‘zbekistonning uch nafar fuqarosi halok bo‘ldi va 13 nafar o‘zbekistonlik jarohatlandi.
Afsuski, bu kabi hodisa birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q. 2018 yil 18 yanvar kuni Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida sodir bo‘lgan dahshatli fojia tafsilotlaridan xabardormiz. O‘shanda Qozog‘istonda yo‘lovchi avtobusi yonib ketgan va Rossiyaga ish izlab ketayotgan 52 o‘zbek o‘g‘loni halok bo‘lgandi.
O‘shanda fojia haqida bilib, butun o‘zbek xalqining qalbi larzaga kelgan bo‘lsa, uning tafsilotlari aniq bo‘la boshlagach, ushbu g‘am yanada og‘irlashgandi. Ayniqsa, avtobus ichida halok bo‘lgan yurtdoshlarimizning ro‘yxati e'lon qilingach, barchaning yuragi qon bo‘ldi. Ularning orasida mahalladoshlar, ota-bola, aka-ukalarning borligi har qanday insonning yuragini ezdi, ko‘zlarini yoshlantirdi. Ota-onalar farzandidan, farzandlar ota-onadan, kimlardir akalari yoki ukalaridan, necha nafar mushtipar suyangan tog‘idan ayrildi.
2017 yil 22 iyundagi Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida ichida O‘zbekistonning 52 nafar fuqarosi bo‘lgan avtobus ag‘darilishi natijasida 9 kishi halok bo‘lgan edi.

2017 yil 8 oktyabrda Rossiyaning Vladimir oblastida ichida 58 o‘zbek ketayotgan avtobus temir yo‘l ustida to‘xtab qoldi va poyezd avtobusni urib ketishi oqibatida 17 kishi, ikki yosh bola halok bo‘ldi. Achinarlisi, bu kabi misollar talaygina.

Jambulda sodir bo‘lgan navbatdagi halokat yurtimizdagi ommaviy axborot vositalarida, internet saytlarida, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Shu kabi fojialarning sabablari, bunga kim aybdor, degan savollarga javob izlanmoqda, turli fikrlar bildirilmoqda.
Yurtimizdagi mavjud ishsizlik, avia va poyezd chiptalarining qimmatligi, ta'lim tizimidagi kamchiliklar, qishloqlarda tirikchilik uchun yetarli sharoit yo‘qligini asosiy sabablar sifatida ko‘rish mumkin.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida Hakim Termiziy maqbarasini ziyorat qilish chog‘ida 52 nafar o‘zbek farzandi halok bo‘lishiga olib kelgan Aqto‘bedagi fojiaga munosabat bildirib, uning asosiy sabablarini ochib bergandi.
«Bu falokat ham odamga ko‘p narsadan dalolat beradi. Xalqimiz oldida hali juda-juda qarzimiz ko‘p. Odamlarimizga sharoit yaratib bermaganimiz uchun ular begona yurtlarga borib, ish qidirib yurganlari, bu albatta, davlatchilik, davlat rahbariyati nuqtai nazaridan, hamma tizimdagi rahbarlarga bu – eng katta xato va kamchiliklarimizni o‘z vaqtida hal qilmaganimizdan dalolat. Shuning uchun ular begona yurtlarda sarson-sargardon. Bechora, ularning ham umidi bor edi, ne niyatlar bilan bolamni boqaman, otamga bir so‘m olib kelaman, deb mana... Yosh-yosh yigitlar deyishyapti... Hammasi o‘zbekistonliklar... Albatta, juda katta qayg‘udamiz, ota-onalarga hamdardlik yubordik», – degan edi davlatimiz rahbari.
Ha, bu kabi fojialarning hali ham sodir bo‘layotgani yurtimizda hali ko‘p sohalarda islohotlar amalga oshirilishi lozimligini yana bir bor ko‘rsatib berdi. Ayniqsa, migratsiya masalasiga yanada jiddiy e'tibor qilish vaqti kelganligini yaqqol namoyon etdi.
Falokatga qandaydir omillarni sabab qilib ko‘rsatib, jim o‘tirish yarashmaydi. Buning uchun endi hamma harakat qilishi kerak. Barcha soha rahbarlari, mutasaddi idoralar, ta'lim muassasalari, deputatlar, mahallalar raislari va hattoki shu yurt farzandiman, deb hisoblaydigan oddiy inson ham.
Davlatimiz rahbari topshirig‘iga binoan bu kabi fojialar oqibatida halok bo‘lgan va jabrlanganlarning oilalariga har tomonlama zarur yordamlar berilmoqda. Bu yaralangan ko‘ngillarga yaqinlarini qaytarib bera olmasa-da, muhimi, davlatimiz va hukumatimiz rahbarlari boshiga og‘ir musibat tushgan insonlarga hamisha hamdard va ularni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligidan dalolat. Ammo endi kelgusida bunday ayanchli voqealar yana takrorlanmasligi uchun muhim qadamlarni tashlash zarur.
Har uch-to‘rt oyda o‘zga yurtda turli sabablarga tufayli xalqimiz farzandlaridan ayrilaverishini ko‘rish, eshitish og‘irdir. Bunga barham berish vaqti keldi, fikrimcha.
Barchamiz bu fojia tufayli halok bo‘lgan va jabrlanganlarning ota-onalari, yaqinlari, g‘amini his qilib turibmiz, hamdardmiz. Xulosam va istagim shuki, shunday islohotlar, zarur chora-tadbirlar ko‘rilsinki, endi bu kabi fojialar tufayli ko‘zlardan yosh to‘kilmasin.
Bardoshbek SAMAD o‘g‘li
Mavzuga oid
14:06 / 11.06.2026
Qamchiq dovonida avtomobil jarlikka tushib ketdi
14:02 / 09.06.2026
Qozog‘istonda YTHga uchragan o‘zbekistonlik qiz vatanga qaytarildi
13:47 / 09.06.2026
Navoiyda Tico yuk mashinasi yo‘liga chiqib ketdi
21:03 / 06.06.2026