Yevropaning top-klublari deganda «Barselona», «Real», «MYu», «Bavariya», «Yuventus», «Liverpul» kabi jamoalarni sanashadi. Bunday klublar soni har kuni ham ko‘payavermaydi. Masalan, barcha muxlislar ham «PSJ» kabi jamoalarni top-darajada deb hisoblamaydi. Futbolning injiq muxlislari bu darajani uncha-muncha klublardan «qizg‘onadi» va top-darajaga ko‘tarilish uchun har yili sovrinlar yutishning o‘zini kam deb hisoblaydi.

Muxlislar orasida hurmat qozonish va top-darajadagi klub sifatida tan olinishi uchun jamoalarda bir narsa bo‘lishi kerak: AN'ANA! Bugun Yevropada bir jamoa borki aynan muxlislar ko‘z o‘ngida an'ana yaratayotgani sabab top-klub sifatida qabul qilinmoqda.

Bu jamoa ikkita transfer oynasida birorta futbolchi sotib olmay ham Chempionlar Ligasi yarim finaliga chiqishi mumkin. Ha, «Tottenhem»ni endi bemalol top-klub deb atay olamiz. Pochettinoning yigitlari birorta sovrin yutmagan bo‘lishsa-da, sovrinlar xonasida joy topilmay qolgan ko‘chlab boyvachcha jamoalardan ko‘ra ko‘proq muxlisga ega bo‘lib bormoqda.

Mashhur futbolchilarning hayotiga, ularning kerak-keraksiz fintlariga qiziqadigan muxlislar masalan «PSJ» libosini kiyib, Neymarning tattolarini sanab yurishlari mumkin, lekin haqiqiy futbolni, kurashlardan iborat futbolni yoqtiradiganlar «Tottenhem»ga befarq bo‘la olishmaydi. Bu jamoaning o‘yini odamga chinakamiga adrenalin beradi. «Tottenhem» qanday qilib siz-u bizning ko‘z o‘ngimizda top-klubga aylandi?

«Tottenhem» oxirgi ikkita transfer oynasi vaqtida birorta futbolchi sotib olmagani jamoaning iqtisodiy holati yaxshi emasligini anglatmaydi. Birinchidan, klub katta xarajat qilib (350-400 million funt sarflab) stadion qurdi. Ikkinchidan, Pochettino futbolchi sotib olaman deb «o‘lib-tirilgani yo‘q». Klub xo‘jayini Deniyeel Levi «Enic Group» investitsion korxonasi aksiyalarining katta qismini nazorat qiladi va u Britaniyaning o‘ziga tinch boylaridan. Xullas, «Tottenhem» uchun pul muammo emas. Shunchaki klub siyosatini katta transferlar asosiga qurmayapti va to‘g‘ri qilyapti. Levi 2001 yildan buyon «Tottenhem»ni boshqarib kelayotgani ham muhim fakt. Chunki klublar qo‘ldan-qo‘lga o‘tish natijasida parokandalikka uchrashi ko‘p kuzatilgan.

Rednapp davri

Vikipediyadan «Tottenhem»ning o‘tmishi, mashhur futbolchilari va murabbiylari haqidagi ma'lumotlarni ko‘chirib qo‘yishdan mantiq yo‘q, bizningcha. Keling, yaxshisi o‘zimiz biladigan, o‘zimiz guvoh bo‘lgan davrlar haqida gaplashsak. «Tottenhem»ning bugungi darajaga ko‘tarilishida mashhur angliyalik murabbiy Harri Rednappning hissasi katta.

Aynan Rednapp murabbiyligida «Tottenhem» ilk marta yangi formatdagi Chempionlar Ligasida qatnashish huquqiga ega bo‘lgandi. 2009/10 yilgi mavsumda jamoa APLda 4-o‘rinni qo‘lga kiritib, YeChL guruh bosqichiga chiqish uchun saralashda qatnashgandi. Saralashda «Yang Boyz»ni ko‘rdim demay mag‘lub etgan Garet Beyl va jamoadoshlari guruh bosqichiga chiqishadi. Garet Beylning «Inter»ga qarshi o‘yindagi «yakkaxon konserti» YeChLning aynan o‘sha mavsumiga to‘g‘ri kelgandi. Guruhda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan «Tottenhem» chorak finalda «Real»ga mag‘lub bo‘ladi (0:4, 0:1).