Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Arabian Travel Market 2019: O‘zbekiston Yaqin Sharqdagi eng yirik xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etmoqda
Yaqin Sharqdagi eng yirik Arabian Travel Market xalqaro turizm ko‘rgazmasiga start berildi. Unda birinchi marta O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillari va turoperatorlar milliy stend bilan ishtirok etishmoqda.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmatidan xabar berilishicha, Muhammad bin Rashid Al-Maktum Bilimlar jamg‘armasi raisi shayx Ahmad bin Muhammad Rashid Al-Maktum 2019 yilgi Arab turistik bozori (ATM) ko‘rgazmasini rasman ochib berdi. Shu bilan birga, ochilish marosimida Dubay xalqaro savdo markazi (DWTC) bosh direktori va Dubay turizm va tijorat marketingi departamenti (DTCM) bosh direktori ham ishtirok etishdi.


Joriy yilda Arabian Travel Market ko‘rgazmasida 150 dan ziyod mamlakat sayyohlik salohiyatini namoyon etuvchi 400 dan ortiq stend namoyish etilmoqda. Ko‘rgazmada 40 000 dan ziyod kishining ishtirok etishi kutilmoqda. ATM 2500 dan ortiq eksponent-kompaniya salohiyatini namoyish etadi, shu jumladan O‘zbekiston ham unda ilk marta qatnashmoqda.

Ko‘rgazma doirasida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillari o‘zbekistonlik vatandoshlar va xorijiy investorlar bilan muzokaralar o‘tkazildi.
O‘zbekistonning BAAdagi bosh konsulligi bilan hamkorlikda arab davlatida turli sohalarda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashuv bo‘lib o‘tib, u yerda mamlakatimizning turistik salohiyatini keng targ‘ib qilishga doir kelishuvlarga erishildi.

Ta'kidlash joizki, O‘zbekistonda turizm sohasida olib borilayotgan islohotlar haqida namoyish qilingan taqdimot vatandoshlarimiz tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Qiziqarli va savol-javoblarga boy o‘tgan uchrashuvda turizm salohiyatini targ‘ib qilish, diaspora vakillari va BAA fuqarolarini O‘zbekistonga jalb qilish masalalari hamda kelgusida hamkorlikda olib boriladigan ishlar muhokama qilindi. BAAdagi vatandoshlarimiz har qanday targ‘ibot ishlarini qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekiston ravnaqiga o‘z hissalarini qo‘shishga tayyor ekanliklarini ta'kidlashdi.

Yarmarka doirasida, shuningdek, Senergy University Dubai’da tahsil oluvchi o‘zbekistonlik talabalar bilan birgalikda “National Day” – “Milliy kun” tadbiri o‘tkazildi.

O‘zbekistonning qadimiy va boy tarixi, madaniyati, sayyohlik salohiyati, tabiiy landshaftlari, turfa xildagi mazali taomlari hamda amalga oshirilayotgan islohotlar haqidagi taqdimotlar tadbir ishtirokchilarida ijobiy taassurot qoldirdi.
Tadbir ishtirokchilariga qo‘mita vakillari tomonidan mamlakatimiz turizm salohiyati aks ettirilgan tarqatma materiallar hamda esdalik sovg‘alari ulashildi. Talabalar bilan kelgusida shu singari tadbirlarni o‘tkazishda yaqindan hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Ma'lumot uchun: Dubaydagi Senergy University 2013 yilda ochilgan bo‘lib, Rossiyaning nufuzli universitetlaridan biri hisoblanuvchi «Sinergiya» Moskva sanoat va moliya universiteti filialidir. Universitetning shu kabi filiallari London, Nyu- York hamda Berlin shaharlarida mavjud.

Bulardan tashqari, O‘zbekistonda turizm sohasiga investitsiya kiritishni istagan, joylashuv vositalarini qurish istagida bo‘lgan bir necha sarmoyadorlar bilan muzokaralar olib borildi. Osiyo davlatlarida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini keng targ‘ib qilish uchun qator blogerlar va teleshoular tayyorlovchi xususiy korxonalar vakillari bilan ham kelishuvlarga erishildi.
Arabian Travel Market 2019 ko‘rgazmasida ishtirok etuvchilar asosan mehmonxona biznesi vakillari, turoperatorlar, transport kompaniyalari, mehmondorchilik sanoati mutaxassislari, o‘quv muassasalari va ixtisoslashgan ommaviy axborot vositalari bo‘lib, bunday nufuzli ko‘rgazmada ishtirok etish yangi bozorlarga chiqish, yangi mijozlar orttirish hamda mavjud aloqalarni mustahkamlash, yangi mahsulotlarni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

B2B formatidagi uchrashuvlar natijasida, butun dunyo sayyohlari va turoperatorlari uchun 2800 dan ortiq turistik mahsulot va yo‘nalishlar namoyish qilinadi.
Ko‘rgazma 28 apreldan 1 mayga qadar o‘tkaziladi.