Katalonlar muddatidan avval Ispaniya chempionligini nishonlashdi. Buning asosiy sababchisi kimlar bo‘ldi?
Bir jamoa chempionati
Ispaniyada ko‘p yillardan beri asosiy sovrin uchun raqobat faqat ikki jamoa - «Barselona» va «Real» o‘rtasida kechishi, qolgan jamoalar birinchi o‘rinni maqsad qilishmasligi tanqid ostiga olib kelinardi. Diyego Simeonening «Atletiko»si paydo bo‘lganidan keyin tanqidchilarning ovozi biroz o‘chdi - «matraschilar» 2014 yilda ikki grandni ham ortda qoldirib, chempion bo‘lgandi va o‘shandan beri bu jamoa ham birinchi o‘rin uchun kurashadigan bo‘ldi.
Ispaniya futboliga faqat so‘nggi yillarda qiziqa boshlagan futbol muxlisi bunday munozaralardan hayron bo‘lishi tabiiy. «Qanaqasiga ikki yoki uch jamoa raqobat qiladigan chempionat? Bitta, faqat bitta!», deydi undaylar. «Barselona» keyingi 11 yil ichida 8 bor oltin medallarni ko‘ksiga taqqan (Agar keyingi 15 yil, ya'ni Messi ushbu jamoaning asosiy tarkibida o‘ynay boshlaganidan buyon hisoblansa 10 bor chempionlik).
Ko‘k-anorranglilar shanba kuni «Levante»ni yengish orqali o‘z tarixidagi 26-chempionlikni nishonlashdi. Katalonlarning bunday muvaffaqiyatida kimlar aybdor?
Raqobatchilarning erta taslim bo‘lishi
Avvalo qayd etish kerakki, kataloniyaliklarning oltiniga «Real» va «Atletiko» hammualliflik qilishdi. Ko‘k-anorranglilarning asosiy raqibi «Barsa» bu mavsumda hech qanday raqobatni his qilmasligi uchun barcha ishni qilishdi. Mavsumdagi sharmandali muvaffaqiyatsizlikdan (YeChL nimchorak finalida «Ayaks»ga yirik mag‘lubiyat, ichki chempionat va Ispaniya Kubogida «Barsa»dan mag‘lubiyatlar) va olti oy ichida ikki murabbiy iste'fosidan (Xulen Lopetegi va Santyago Solari) keyin Florentino Peres bu mavsumni «qurbon» qilib, jamoani qayta qurishga kirishdi. Madridliklarning qo‘shnisi esa o‘tgan yil yozida asosiy hujumchisi Antuan Grizmanni tarkibda saqlab qolishga erishgan bo‘lsada, barqarorlikni yo‘qotdi va medal uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqiblarga qarshi o‘yinlarda g‘alabaga erisha olmadi («Real» bilan 0:0 va 1:3, «Barselona» bilan 1:1 va 0:2). Qolaversa, jamoaga bu mavsumda gollar yetishmadi - La Liganing 35 turidan keyin atigi 52ta gol, Valverde jamoasida esa 86ta.
«Qirollik klubi» 2018-19 yilgi mavsumni alam bilan eslab qoladi, bu mavsumdagi klasikolarda ular umumiy hisobda 2:10ga yutqazishdi (+0=1-3). Katalonlar esa klasikolardagi g‘alabalar soni bo‘yicha ilk marta oldinga o‘tib ketdi (96:95).
Maydonda yolg‘iz Leo

















