O‘zbekiston | 22:35 / 29.04.2019
19880
7 daqiqa o‘qiladi

Qurilish vazirligi: Sergelidagi uylarda bo‘lgan holat takrorlanmasligi uchun buyurtmachilar mas'uliyatini oshirishimiz kerak

29 aprel kuni O‘zbekiston milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi va jurnalistlar ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanga Qurilish vazirining o‘rinbosari Shuhratxo‘ja Hoshimov raislik qildi. Tadbir boshida yig‘ilish raisi so‘zga chiqdi.

Tadbir davomida yig‘ilganlarga 2018 yilda vazirlik tomonidan olib borilgan ishlar va kelgusida rejalashtirilayotgan loyiha va maqsadlar haqida aytib o‘tildi.

Vazirlik ma'lumotlariga ko‘ra, 2018 yilda Respublikada 1200ta shahar va shahar posyolkalarining (119ta shahar va 1081ta shahar posyolkalari) mavjud bo‘lib, bugungi kunga qadar 232ta (shundan, 105ta shahar va 127ta shahar posyolkalari) bosh rejalari ishlab chiqilgan.

Dasturga asosan 2018-2022 yillarda jami: 193ta shaharsozlik hujjatlari (23ta shahar, 115ta shahar posyolkalari hamda 55ta qishloq (ovullar) fuqarolar yig‘inlari hududlarining arxitektura-rejalashtirish jihatidan tashkil etish (APOT) loyihalarini) ishlab chiqish belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 02.02.2018 yildagi PQ-3502-sonli qarori bilan tasdiqlangan Dastur asosida 2019 yilda jami 35ta shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish belgilangan (8ta shaharning va 17ta shahar posyolkalarining bosh rejalari hamda 10ta qishloq (ovullar) fuqarolar yig‘inlari hududlarining arxitektura-rejalashtirish jihatidan tashkil etish loyihalari (APOT).

2019 yilda Respublika bo‘yicha jami 35ta «O‘zshaharsozlikLITI» DUK (21ta), «ToshkentboshplanLITI» DUK (4ta) va «Qishloqqurilishloyiha» MChJ (10ta APOT) shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqish yuzasidan 2019 yil Manzilli ro‘yxati tasdiqlangan.

2019 yil Investitsiya dasturlari va boshqa buyurtmalarga asosan Qurilish vazirligi huzuridagi «Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi» davlat unitar korxonasi va uning filiallari tomonidan 2019 yil 1-chorak yakuni bo‘yicha jami 18 099ta obektning loyiha hujjatlari shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq ko‘rib chiqilib, davlat ekspertizasidan o‘tkazildi. Jumladan, 1205ta ijtimoiy soha, 1558ta infratuzilma hamda vazirlik va idoralar takibidagi obektlar 14620ta qishloq joylardagi arzon uy-joylar va respublika shaharlarida 335ta ko‘p xonadonli (ko‘p qavatli) arzon uy-joylari va boshqa 381ta yakka tartibdagi murakkab toifadagi obektlar.

Ma'lumotlar taqdim etilib, rais nutq so‘zlagandan so‘ng, savol-javob jarayoni bo‘lib o‘tdi.

— Qoraqalpog‘istondagi qurilish ishlarida poydevorning sho‘rlashi kabi holatlari kuzatilmoqda. Bunday qurilish ishlarida chidamli, puxta materiallardan foydalanishda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

— Prezidentimiz, bizning ham talabimiz shu. Biz endi sifat darajasiga alohida e'tibor bermoqdamiz. Qoraqalpog‘iston, Sirdaryo, Farg‘ona kabi viloyatlarda yerosti suvlari sathi balandda joylashgan. Shu sababli, bugungi kunda yerosti suvlarga qarab ishlar olib borilmoqda. Sirdaryoda bu o‘z samarasini berdi. Hozir yangi innovatsion usullar sababli bunday suvlar to‘g‘ri yo‘naltirilmoqda. Turkiya bilan qo‘shma korxona tuzilmoqda. Yangi texnologiya asosida bu hal etiladi.

— Sohada ilmiy tashkilotlar, ilmiy ishlar olib borayotgan olimlar bilan qanday hamkorlikda ish olib borilmoqda?

— Hozirgi zamon talabiga javob beradigan, odamning ko‘zini quvontiradigan binolarning loyihalarini ishlab chiqish davri keldi. To‘rtburchak shakldagi binolar odamlarning ko‘ngliga tegib ketdi. Arxitektura mahorati deganda ranglar jilosi, har xil formatdagi binolarni tushunish kerak. Bu bo‘yicha yosh kadrlar ustida ishlashimiz kerak. Bu bo‘yicha xorijiy institutlarda tahsil olishmoqda.

Sergelidagi uylar masalasida oladigan bo‘lsak, narxlar bo‘yicha qurilish oldidan dastlabki ekspertiza, so‘ngra asosiy ekspertiza qilingani aytildi. Ikki ekspertiza narxidagi tafovut yer bilan osmoncha. Bunday holatlar bo‘lmasligi uchun nimalar qilinmoqda?

— Qo‘yilayotgan masala to‘g‘ri. Qurilish me'yoriy hujjatlarida shunday talablar bor, loyiha-smeta hujjatlari buyurtmachi tomonidan tasdiqlanadi va tasdiqlangan hujjatlar asosida ish amalga oshirilishi kerak. Ana o‘shanda bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmaydi. Bugungi kunda, joylardagi tashkilotlarimizga, buyurtmachilarimizga loyiha-smeta hujjatlari o‘rnatilgan tartibda tasdiqlamasdan turib ishni boshlamaslik masalasini qat'iy qo‘ymoqdamiz. Bunday ishlarga yo‘l qo‘yilmasligi uchun biz talabni kuchaytirishimiz kerak. Buyurtmachilarning dunyoqarashini, mas'uliyatini oshirishimiz kerak. Mahsulotni qabul qilib oladigan bu buyurtmachi. Narx belgilandimi, demak u o‘zgarmasligi kerak. O‘tgan yilning o‘zida ko‘plab quruvchi kompaniyalar faoliyati o‘rganildi. 2018 yilning o‘zida 58 milliard so‘m jarimalar belgilandi.

Hozirgi kundagi qurilishlarni ko‘radigan bo‘lsak, ko‘pi bilan 7-9 qavatli binolar qurilmoqda. Aholi o‘sishini hisobga olib, qachon bizda osmono‘par binolar qurilishi rejaga kiritilgan?

— Ko‘pqavatli uylar masalasida bir misol. Kechagina Andijondan keldim. «O‘zshaharqurilishinvest» kompaniyasi boshchiligida bir qurilish kompaniyasi Turkiyadan ikki komplekt «osnaska» sotib oldi. 2ta 16 qavatli uy qurmoqda. Bitta uyning maydoni 400 kv. metr. O‘rgatish uchun turk mutaxassislar olib kelingan. Respublika bo‘yicha davlat rahbarining buyruqlari bilan 5-7 qavatdan past uy qurilmayapti. Poytaxtimizda bir necha qurilish kompaniyalari 12, 14 va 16 qavatli uylarni qurishni yo‘lga qo‘ymoqda.

Yo‘llar, shahar holatlarida aholi uchun qulay sharoitlarga e'tibor beriladimi? Yo‘l chetidagi o‘rindiqlar soni kundan-kunga kamayib bormoqda. Buning o‘rniga yo‘llar ko‘paymoqda. Mashinalar uchun emas, odamlar uchun harakat qilishimiz kerak-ku?

— Ko‘chaning gabariti bo‘ladi. O‘z vaqtida ma'lum mutaxassislaring harakatlari natijasida noqonuniy qurilishlar ko‘payib ketgan. Endi hozir ko‘chalar bitta formatga keltirilmoqda. Veloyo‘lakchalar, sayilgohlar, skameykalar ham shahar bosh reja normalarida bor aslida. Hozir har bir viloyatda rekreatsion hududlar tashkil etishni yo‘lga qo‘yishni ko‘zlaganmiz. Kechki payt odamlar oilasi bilan sayr qilishi uchun sharoit bo‘lsin.  Shuningdek, «yashil standart» joriy etilmoqda. Bundan kelib chiqib, daraxtlarni ko‘proq ekish, kerakli mikroiqlimni yaratish masalasi ishlab chiqilmoqda. 

Mavzuga oid