Tank biatloni bo‘yicha O‘zbekiston Mudofaa vazirligi musobaqasi start oldi
Bugun, 1 may kuni “Chirchiq” poligonida 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Mudofaa vazirligi miqyosida o‘tkazilishi rejalashtirilgan tank biatloni musobaqasining ochilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Unda Mudofaa vazirligi mas'ul ofitserlari, Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondonligi, Qurolli Kuchlar faxriylari, o‘quvchi yoshlar, harbiy orkestr sozandalari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
“Mazkur musobaqani o‘tkazishdan asosiy maqsad – Mudofaa vazirligi harbiy okruglarining jangovar bo‘linmalari o‘rtasida eng ilg‘or individual tayyorgarlikka ega bo‘lgan tank ekipajlarini tanlab olish. Ularning eng mohirlariga yurtimiz manfaatlarini xalqaro armiya o‘yinlarida himoya qilish sharafi beriladi”, – deydi Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondonining o‘rinbosari polkovnik Baxtiyor O‘rolboyev.
Barcha harbiy okrugdan ishtirok etayotgan ekipajlar T-62, T-64, T-72 rusumli tanklarda belgilangan yo‘nalish bo‘ylab harakatlanishga kirishdi. Start va finish, estafetani berish va to‘g‘ri chiziq bo‘ylab harakatlanish uchastkalari bilan jihozlangan musobaqa trassasidan ildamlagan ekipajlar suvli to‘siq, qo‘rg‘on, chuqur, minalashtirilgan yo‘lak, eskarp ko‘priklaridan o‘tib, otish marralarida nishonlarni aniq mo‘ljalga oldi.
Eslatib o‘tamiz, tank biatloni bellashuvlarining final bosqichi 5 may kuni “Chirchiq” poligonida bo‘lib o‘tadi. Hal qiluvchi bahslar davomida zamonaviy va Ikkinchi jahon urushi yillaridagi harbiy texnikalarning namoyishi hamda harbiy san'atkorlarning konsert dasturlari taqdim etib boriladi.