Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentdagi zamonaviy Bolalar tibbiyot markazi qanday qiyofada bo‘ladi?
Toshkent shahrida zamonaviy tibbiyot va ilm-fanning eng so‘nggi yutuqlari asosida barpo etilayotgan Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi haqida xabar berilgan edi. Mazkur majmua 2020 yilda foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Janubiy Koreyaning HSnK Architecture & Engineering kompaniyasi o‘z saytida O‘zbekistonda quriladigan Bolalar tibbiyot markazining qanday ko‘rinishda bo‘lishini namoyish etdi.


HSnK Architecture & Engineering nafaqat Janubiy Koreyada, balki xorijiy davlatlarda ham muvaffaqiyatli loyihalarni amalga oshiruvchi taniqli arxitektura kompaniyasi sanaladi. Kompaniya kreativlik, samaradorlik va mahalliy moslashuv tamoyiliga asoslangan holda ish yuritadi.
Kompaniya tomonidan yaratilgan loyihalar: O‘zbekistondagi Koreya madaniyat va san'at uyi, Kambojadagi Kondominium Sokxa ko‘p tarmoqli majmuasi, Qozog‘istondagi Xalq banki bosh idorasi, Janubiy Koreyaning Songdo shahridagi S loyihasi va boshqalar.
Ma'lum bo‘lishicha, O‘zbekiston hamda Koreya Respublikasi iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik fondi (EDCF) tomonidan birgalikda qurilayotgan ushbu loyihaning umumiy qiymati 130,58 million dollarni tashkil etadi.
Ta'kidlash joizi, bunyod etilayotgan mazkur markaz loyihasi Koreya Respublikasi va jahon tibbiyotining noyob andozalari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, binoning qurilish, xavfsizlik tizimi, isitish, sovutish tarmoqlari jahon standartlari talablariga to‘liq javob beradi. Yangi tibbiyot muassasasi 280 o‘ringa ega bo‘lib, klinikada kuniga 250 nafar bemorni qabul qilish va yiliga 1500dan ko‘proq murakkab va noyob operatsiyalarni o‘tkazish imkoniyati yaratiladi.
Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi 381 nomdagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, shu jumladan, angiograf, kompyuter tomografiyasi, yuqori texnologiyali raqamli rentgen va flyuroskopik tizimi, mobil rentgen apparati, siklotron kabi eng so‘nggi innovatsion tibbiy jihozlar o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.