O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 dekabrdagi PQ-4086-son qarorining 10-bandi bilan, 2019 yil 1 iyuldan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni sotib oluvchilar qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari hisoblanmaydigan yetkazib beruvchilardan olingan hisob-fakturalar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olish huquqiga ega emasligi belgilandi.

DSQ matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bunda soliq to‘lovchilarning davlat soliq xizmati organlarida qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi sifatida hisobga olinganligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi rasmiy sayti orqali real vaqt rejimida aniqlanadi.

Soliq qonunchiligiga kiritilgan ushbu talabning mazmun va mohiyatini aniq bilib olish uchun quyidagi holat ko‘rib chiqilgan.

Qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lmagan «A» korxona tomonidan qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lgan «B» korxonaga realizatsiya qilingan 100,0 mln. so‘mlik tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun hisobvaraq-fakturada jami 120,0 mln. so‘m, shundan 20,0 mln. so‘mi QQS ekanligi ko‘rsatilgan.

Sodir etilgan ana shunday holat bo‘yicha Soliq kodeksining 118-moddasiga muvofiq, «A» korxonaga nisbatan hisobvaraq-fakturada ko‘rsatilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasining 20 foizi, ya'ni 4,0 mln. so‘m jarima qo‘llaniladi va «A» korxona tomonidan hisobvaraq-fakturada asossiz ko‘rsatilgan 20,0 mln. so‘m QQS summasi bilan birga, jami 24,0 mln. so‘mni budjetga to‘lashi shart bo‘ladi.

Shuningdek, joriy yil 1 iyuldan kiritilayotgan talabga muvofiq, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotib oluvchi «B» korxonaga nisbatan jarima solish qo‘llanilmasa-da, ushbu korxona qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha budjet bilan qayta hisob-kitobni amalga oshirishi shart bo‘ladi. Ya'ni, korxona qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olish huquqiga ega emasligi sababli, avval hisobga olgan 20,0 mln. so‘mni qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini budjetga to‘lab berishga majbur bo‘ladi.

Soliq to‘lovchilarning ana shunday noqulay ahvolga tushib qolmasliklarini ta'minlash hamda soliq munosabatlarida bo‘ladigan biznes hamkorlarni, boshqacha qilib aytganda o‘z kontragentlarining:

• davlat soliq xizmati organlarida QQS to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tganligi;
• biznesda tutgan o‘rni;
• moliyaviy holati;
• ishlab chiqarish bazasi hamda malakali ishchilarining mavjudligi kabi jihatlarini oldindan o‘rganish orqali majburiy ehtiyotkorlik choralarini qo‘llash tavsiya etiladi.