Jamiyat | 23:25 / 04.05.2019
107035
9 daqiqa o‘qiladi

«Sanamay sakkiz demang»: avtomobillar chirog‘ini kunduzi yoqib yurish masalasi yuzasidan munozara

Asl g‘avvos bo‘lsang durni ko‘rgaysan,

Sof bo‘lsang, ketar chog‘ hurni ko‘rgaysan.

Hammayoq zulmat, deb shikoyat qilma —

O‘zingda nur bo‘lsa, nurni ko‘rgaysan.

Mashhur rejissyor Georgiy Daneliyaning «Afonya» nomli komediya janridagi filmini hamma biladi. Qayta-qayta tomosha qilsangiz ham zerikmaysiz. Shu film qahramonini ishxonasida bezoriligi uchun muhokama qilishadigan joyi bor. Minbarda o‘tirgan rahbar militsiyadan kelgan xatni o‘qib eshittiradi va yig‘ilganlardan fikr bildirishlarini so‘raydi. Hech narsani eshitmay gazeta o‘qib o‘tirgan xodimni orqa tomonida o‘tirgan xodim sekingina turtib, «sen gapir» deydi. U o‘rnidan turib butunlay boshqa narsa to‘g‘risida gapiradi. Rahbar «Borshov to‘g‘risida nima deysan», deb so‘raydi. Orqadagi xodim tashakkur bildirish kerak, deb unga aytadi. U ham bir oz garangsib, tashakkur e'lon qilinsin, deb yuboradi. Zalda yengil kulgu ko‘tariladi.

Filmda masalaning mohiyatini tushunib yetmasdan, boshqa birovning gapi bilan fikr bildirish kulguli qilib ko‘rsatiladi.

O‘zA jurnalisti Sherali Otaboyevning Uza.uz saytida e'lon qilingan maqolacini o‘qib yuqoridagi filmni esladim. To‘g‘ri, har bir holat yuzasidan har kim o‘z fikrini bildirishi mumkin. Tanqid qilish ham foydadan xoli bo‘lmaydi, qachonki u asosli va aniq maqsadlarga yo‘naltirilgan bo‘lsa. Ammo maqola bilan tanishib chiqib, u yuzaki, hech qanday dalillarga asoslanmagan holda, faqatgina ko‘cha-ko‘yda eshitilgan gaplar asosida yozilganga o‘xshaydi, degan fikrga keldim.

Mustaqillikka erishgan dastlabki yillarda respublikamiz hududida 16–17 mingtagacha yo‘l-transport hodisalari qayd etilar edi. 2018 yilga kelib bu ko‘rsatkich 8-9 mingtagacha kamaydi. E'tibor qiling: teng yarmiga kamaydi. Mamlakatimiz fuqarolari va ularga tegishli bo‘lgan avtomototransport vositalarining soni kundan-kunga oshib borayotgan bir sharoitda! O‘tgan asrning 90-yillaridagi avtomototransport vositalari soni hozirgi kunga kelib bir necha barobarga oshib ketdi.

Yo‘l-transport hodisalari esa harakatlanish xavfsizligini ta'minlash ishlari samaradorligi oshib borayotganligi, qonun-qoidalarimiz zamon talablari darajasida qayta ishlanib, to‘ldirib borilayotgani evaziga kamaymoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda bu borada juda katta ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Mana, bir misol: Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi yo‘l xavfsizligini ta'minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori va ushbu qaror bilan tasdiqlangan «2018–2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasida yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash konsepsiyasi» va «2018–2019 yillarda O‘zbekiston Respublikasida yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» sohada ulkan o‘zgarishlar, tizimda tub burilish yasashga xizmat qilmoqda.

16 minglik ko‘rsatkichning 8 mingga kamayishi ana shu kabi ishlar samarasidir. 8–9 mingta yo‘l-transport hodisasi degan so‘z og‘zimizning bir chekkasidan chiqib ketadi. Ammo bu raqamlarga 8–9 ming inson deb qarasak, masalaning mohiyati anchayin oydinlashadi.

Muallif «Mutasaddilarning fikricha, kunduzi chiroq yoqib yurish yo‘l transport hodisalarini 15 foiz kamayishiga olib kelar ekan. Haydovchilarning hayotini o‘ylayotgan o‘sha g‘amxo‘r rahbarlar O‘zbekistondagi yo‘l transport hodisalarining 40 foizi yo‘ldagi nosozliklar tufayli sodir bo‘layotganligini bilishmaydi desam, yolg‘onchi bo‘laman», deb yozadi. Kunduzi yoqilgan chiroqlar yo‘l-transport hodisalarini 10-15 foizga kamaytirishi rost. Bu holat bo‘yicha ko‘plab tajribalar o‘tkazilgan. Chirog‘ini yoqib kelayotgan mashinalar, ayniqsa, piyodalar bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. Mutaxassislar o‘tkazgan tajribalarda piyoda chirog‘i yoqilgan transport vositasini tez ilg‘ashi ma'lum bo‘lgan. Ko‘z qiri chiroq yorug‘ligini miyaga yo‘naltiradi. Mamlakatimizda esa yo‘l-transport hodisalarining 53 foizi piyodalar bilan bog‘liq ravishda sodir etiladi.

Yo‘l-transport hodisalarining 40 foizi yo‘ldagi nosozliklar tufayli sodir bo‘layotganligi haqidagi ma'lumotni qayerdan olgansiz bilmadimu, ammo 2019 yilning o‘tgan uch oyida haydovchilar aybi bilan sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarining 52,8 foizi belgilangan tezlik talablari buzilganligi oqibatida yuzaga kelganligini bilaman.

«Mashina haydamaganligim bois bo‘lsa kerak, shu vaqtgacha yo‘l harakati qoidalarining barchasi haydovchilarning xavfsizligi uchun deb o‘ylardim», debsiz. Aslida, transport boshqarmasangiz-da, «Yo‘l harakati qoidalari»ni o‘qishingiz, bilishingiz shart. Bu birinchi navbatda o‘zingizning xavfsizligingiz uchun kerak bo‘ladi. Chunki qoidalarda barcha harakat ishtirokchilari, shu jumladan yo‘lovchi va piyodalar uchun ham zarur tavsiyalar bor. Qoidalar talablarini bilmaslik esa yuqorida aytganimiz 53 foizli ko‘rsatkichning pasayishiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi.

«Ammo haydovchilarga chiqarilgan so‘nggi qoidaning ahamiyati va sababini har qancha o‘ylamay baribir topa olmadim... Bu qarorni shunday ta'riflash mumkin: Fuqarolarning adashishi yoki yodidan ko‘tarilishidan unumli foydalanib qolish va jarimaga tortish».

Vazirlar Mahkamasining 292-sonli qarori e'lon qilinganidan so‘ng avtomobillarning elektr qismlarini ta'mirlaydigan bir usta bilan gaplashib qoldim. U kalit buralganida yaqinni ko‘rsatuvchi chirog‘i yonmaydigan mashinalarga bir dona rele moslamasi qo‘yish bilan muammoni hal etibdi. Rele qo‘yilgach, kalit buralishi bilan yaqinni ko‘rsatuvchi chiroq yonadi, kalit o‘chirilishi bilan u ham o‘chadi. Bo‘ldi, «adashish yoki yodidan ko‘tarilish» yo‘q. Haydovchi ham xotirjam, jarimaga tortilmaydi, qoida talablari ham buzilmaydi.

«Yo‘l harakati qoidalari» doimo harakat ishtirokchilarining xavfsizligini ta'minlash maqsadida chiqariladi, o‘zgartiriladi, takomillashtiriladi. Qolaversa, qoidalarning talablari osmondan olib yozilgan emas. U hayotiy tajribalar asosida yuzaga kelgan. Shu jumladan, kunduzi chiroqni yoqib yurish ham.

«Yo‘l harakati qoidalari»ga 2015 yil 24 dekabrda kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, kunning yorug‘ vaqtida quyidagi hollarda yaqinni yorituvchi chiroqlar yoqilishi kerakligi belgilangan edi.

·       transport vositalari tashkiliy jamlanma safida harakatlanayotganda;

·       yo‘lovchilarni tashiyotgan avtobus va belgilangan yo‘nalishli transport vositalarida;

·       bolalar guruhini tashkiliy tashishda;

·       xavfli, katta o‘lchamli va og‘ir vaznli yuklarni tashishda;

·       mexanik transport vositalarini shatakka olishda (shatakka olib ketayotgan transport vositasida);

·       mototsikl va mopedlarda.

Mana shu tartib joriy etilganidan keyingi tahlillarga nazar tashlasangiz, aynan o‘sha talablar bilan yurgan transport vositalari bilan bog‘liq hodisalar kamayganligini ko‘rasiz.

«Rivojlangan davlatlarda xuddi shunday qonun mavjud emish. Uraaa, biz ham rivojlanishning sirli yo‘lini topdik. Endi kunduz kuni chiroqni yoqib yursak, albatta rivojlanib ketamiz. Bir zamonlar rivojlangan davlatlarga taqlid qilib inson qadami yetmagan cho‘llarda kollejlarni ochib tashlagan edik. Natijasi esa, barchaga ayon», deb yozibsiz.

Mening nazarimda, bu fikrlaringiz ham «tirnoq ostidan kir qidirish»ga o‘xshab ketyapti. Mamlakatimiz o‘z taraqqiyot yo‘lini belgilab olgan. Harakatlar strategiyasi bunga yorqin misol bo‘la oladi. Ammo bir narsani unutmang: har qanday yangilik, har qanday rivojlanish birdaniga amalga oshib qolmaydi. Buning uchun hamma bir bo‘lib kurashishi, intilishi kerak.

«O‘z tushin ta'birin bilmas kishi,

O‘zgalar ta'biri birla ne ishi», — degan ekanlar mavlono Jaloliddin Rumiy.

Mansurjon RIXSIYeV,
jurnalist

Mavzuga oid