1 may kuni vesti.uz saytida e'lon qilingan murojaatda mualliflar O‘zbekistonda rus tiliga rasmiy til maqomini berish, buning uchun mamlakat qonunchiligiga zarur o‘zgartirish kiritishni taklif qilishdi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti olimlari Kun.uz tahririyatiga yo‘llangan xatda O‘zbekistonda rus tiliga rasmiy til maqomini berish bo‘yicha boshlangan tashabbusga munosabat bildirishdi.
Xabarlarda bir guruh o‘zbek faollari O‘zbekiston qonunchiligiga o‘zgartirish kiritib, rus tiliga rasmiy til maqomini berish taklifi bilan chiqishgan (aynan rasmiy til maqomi, davlat tili maqomi emas! Ko‘pchilik manbalarda rus tiliga davlat tili maqomi berilsin, deyilgani haqida yozishyapti, bu – xato).
Taklif mualliflari o‘zbek xalqining atoqli olimlari, mashhur fan, madaniyat, adabiyot va san'at namoyondalaridir. Vesti.uz saytida e'lon qilingan «Russkiy yazyk nam ne chujoy» deb nomlangan manifestda ayrim ko‘z yumib bo‘lmaydigan haqiqatlar ham borligini inkor etib bo‘lmaydi.
Birinchisi, rus tili – fan tili ekanligi (xohlaymizmi, yo‘qmi, istalgan sohada ilmiy izlanish olib bormoqchi bo‘lgan inson rus tilini bilmasa, olim bo‘la olmaydi, u ingliz tilini mukammal darajada bilsa-da, baribir to‘laqonli ilmiy ish yoza olmaydi, chunki qaysi soha bo‘lishidan qat'i nazar, juda ko‘p ilmiy manbalar rus tilida. Bundan tashqari, minglab xalqaro ilmiy konferensiyalarning ishchi tillaridan biri sifatida, albatta, rus tili qayd etiladi.
Ikkinchisi – rus tili MDH davlatlari aholisi uchun hali ham o‘zaro muloqot tili ekani, ya'ni rus tilini bilgan odamning MDHning istalgan hududida tarjimonsiz harakat qila olishi, yashashi va ishlash mumkinligi, rus tili BMT, KXShT, ShHT, MDH va boshqa ko‘plab xalqaro tashkilotlarning rasmiy tili ekanligi.
Uchinchisi – shu paytgacha o‘zbek adabiyoti va san'ati namunalarining ko‘pchiligi asosan rus tili orqali jahonga mashhur bo‘layotgani, chunki o‘zbek tilidan boshqa tillarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjima qilish endi yo‘lga qo‘yilyapti.
To‘rtinchisi, Rossiya-O‘zbekiston munosabatlarining yangi sifat bosqichiga ko‘tarilgani. Ayniqsa, oliy ta'lim sohasidagi hamkorlikning boshida prezidentlarning o‘zlari turgani. Rossiyadan O‘zbekiston ta'lim tizimiga juda katta hajmdagi investitsiyalar kiritilayotgani. Yaqinda O‘zbekistonda atom sanoatini rivojlantirish boshladi, Lavrov O‘zbekistonda AES qurish uchun joy ajratilganini ma'lum qildi, atom sanoatini rus tilisiz qanday tasavvur qilish mumkin? Bu sohadagi mutaxassislarni o‘zbek tilida tayyorlashning imkoni yo‘q. Millionlab odamlarning hayot-mamoti, xavfsizligi bilan bog‘liq sohaga rus tilini bilmaydigan, ya'ni shu sohaning haqiqiy bilimdoni bo‘lmagan odamlarni ishga qo‘yib bo‘lmaydi.

















