Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbari Alisher Qodirov keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda trendga chiqqan, rus tiliga rasmiy til maqomini berish haqidagi takliflar ortidan boshlangan munozaralarga qo‘shilib, o‘z munosabatini bildirdi.
Til – milliy qadriyatlarni birlashtirib, tutashtirib, namoyon etib turuvchi eng mustahkam zanjir, boy va cheksiz ma'naviy xazina.
Til insonning birlamchi ehtiyoji, anglash, bilish, so‘zlash, aloqa-munosabat vositasi, mansub-xoslik omili bo‘lgani bois hamisha jamiyat ravnaqining asosiy mezonlaridan bo‘lib kelgan. Jumladan, o‘zbek tili o‘zbek millatining uzoq tarixiy ildizlariga, o‘z siyosiy-huquqiy asoslariga ega muqaddas qadriyati, ulkan ma'naviy yutug‘idir. Bugungi taraqqiyotiga qadar shonli va sharafli yo‘llarni bosib, keskin va shiddatli to‘fonlarni yengib kelayotgan milliy tilimiz davlat maqomida yanada ulug‘vor va ustuvorligini namoyon qilmoqda.
Turli darajadagi ijtimoiy munosabatlar, xalqaro aloqalar, fan-texnika taraqqiyoti, globallashish jarayonlari milliy til qiyofasiga ham muayyan darajada o‘z ta'sirini o‘tkazmoqda, ichki va tashqi tahdidlar xavfini oshirmoqda. Shulardan biri yaqin kunlar oralig‘ida munosabat-munozara maydonini egallab, keng jamoatchilikning tanqid-u e'tiroziga uchrayotgan «rus tilini ikkinchi rasmiy davlat tili sifatida e'lon qilish» tashabbusini ilgari surgan ayrim «ziyolilar»ga ham tegishlidir.
Mamlakatda o‘zbek tili rasmiy davlat maqomiga ega yagona til sifatida Konstitutsiya va qonunlar orqali huquqiy mustahkamlab qo‘yilganligiga ham e'tibor qaratmasdan, ikkinchi tilni rasman tan olish jamiyatni ikkiga bo‘lish, millat ajratishga olib kelishini, turli ko‘rinishdagi noroziliklar sodir bo‘lishini inobatga ham olmasdan bunday ko‘r-ko‘rona taklifni ilgari surish talab qilinayotgan ikkinchi tilni, shu til vakillarini o‘z milliy tili, milliy qadriyatlari, milliy hamiyatidan ustun qo‘yish, ustuvor ko‘rishni anglatadi. Amaldagi davlat tiliga nisbatan bepisandlik, hurmatsizlikni ko‘rsatadi. Ushbu o‘rinsiz va asossiz vayronkor g‘oyani bugun barcha millatsevar, vatanparvar jamoatchilik, ma'rifat ahli keskin qoralab, o‘z milliy tiliga, o‘zbek tilining asriy va azaliy maqom-martabasiga muhabbat-ehtiromini ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoq sahifalari orqali turli ko‘rinishlarda namoyish qilmoqda. Albatta, o‘zligini qadrlagan, o‘z millatiga daxldorligini his qilgan, milliy g‘urur va iftixorini yuqori tutgan har bir fuqaro bunday yo‘l tutishi tabiiy. Ushbu muammo sabab, bugun jamiyatning amaldagi rasmiy davlat tili bo‘lgan o‘zbek tiliga munosabati yana bir elakdan o‘tmoqda, sinovlarda toblanmoqda va qat'iylashmoqda.
Shu o‘rinda, rus tiliga rasmiy maqom berish tarafdorlarining «yo‘lboshchilari» ilmu fan, san'at sohasining ilg‘or vakillari ekanligi yanada hayratli emasmi?, degan haqli savol tug‘ildi. Darhaqiqat, inson har qancha bilim egallamasin, iqtidorli bo‘lmasin, shon-shuhrat qozonib, mansab pog‘onalaridan ko‘tarilmasin, uning qalbida o‘z milliy qadriyatlariga nisbatan ehtirom-e'zoz bo‘lmasa, ma'naviy-ma'rifiy ulug‘vorlik etagidan tutmasa, bir kun kelib oqsashi, qoqilishi, yiqilishi, milliyat taqdiri, jamiyat taraqqiyotiga xavf tug‘dirishi ham turgan gap.
















