Bernora Qoriyeva: «Jurnalist menga ataylab provokatsion savol berdi»
O‘tgan hafta go‘yo bir guruh ziyolilar O‘zbekiston qonunchiligiga o‘zgartish kiritib, rus tiliga rasmiy maqom berish bo‘yicha murojaat bilan chiqqanligi haqida xabar tarqaldi.
Taklif OAVda e'lon qilingach, u o‘zbek jamiyatida juda jiddiy rezonans berdi, ko‘pgina noroziliklarni keltirib chiqardi. O‘zbek ziyolilari, rahbarlardan tortib oddiy fuqarolargacha bu borada o‘z fikrlarini bildirishdi va bu munozara hamon davom etmoqda. Kun.uz bahsli fikrlar markazida turgan insonlardan biri, murojaat mualliflaridan biri deb aytilayotgan Bernora Qoriyeva bilan intervyu tashkil qildi.
Video: Mover (tas-ix)
Video: Youtube
«Oxirgi vaqtlarda o‘zim haqimda hayron qolarli gaplarni eshityapman. Go‘yoki men shunday gaplarni aytgan emishmanki, bu gaplarni hatto gumon ham qilmaganman, men aytgan bo‘lishim mumkin emas. Shuning uchun bugun bu haqida to‘g‘ridan to‘g‘ri ba'zi narsalarni aytib o‘tmoqchiman.
Men, albatta, ular tayyorlagan matnni ko‘rganim yo‘q. Imzo qo‘yish uyoqda tursin, hatto ko‘rganim ham yo‘q, u nima haqida ekanini ham bilmayman. Agar u yerda mening imzom turgan bo‘lsa, demak, kimdir qo‘l qo‘ygan. Aftidan, bunga qonun yo‘li bilan javob berish kerak.
Jurnalistlar haqida ikki og‘iz gapirishni istardim. Ularga ko‘p narsa bog‘liq, chunki xalqqa yaxshilik keltirish, odamlarga nima bo‘layotganini tushuntirish maqsadida yozish uchun qo‘llariga qalam berilgan. Ular xalqni yolg‘onga olib boradigan so‘zlarnigina tanlab olmasliklari kerak. Bu yerda, albatta, jurnalist tilining ham aybi bor.
Til masalasiga kelsak, bu – eng muhimi. Menga aytishlaricha, u yerda rus tiliga rasmiy til maqomini berish haqida gap ketgan. Axir bu absurd-ku. Har bir mamlakat albatta o‘z davlat tiliga ega bo‘ladi. Axir es-hushim joyida, O‘zbekistonda o‘zbek tili [davlat tili ekanini] juda yaxshi anglayman. O‘zim o‘zbek tilida gapirmasam ham, o‘zbekchani tushunaman. Men buni amalga oshirish [rus tiliga rasmiy til maqomini berish] umuman imkonsiz narsa deb hisoblayman. Rus tili – bizning odatiy kundalik hayotdagi muloqot tilimiz.
Kasbim taqozosi bilan ko‘plab davlatlarda bo‘lganman. Kasbim shundayki, ishim davomida men tilga ehtiyoj sezmayman. Bizda faqat sahnaga chiqib, raqs tushish kerak. [Xizmat safarlari vaqtida] hatto muloqot uchun til ham kerak bo‘lmagan. Bilasizmi, men borgan mamlakatlarda katta hajmdagi xalqaro afisha-plakatlarda Sovet ittifoqining katta baleti deb ko‘rsatilib, unda Bernora Qoriyeva O‘zbekistondan deb albatta yozib qo‘yilardi», – deya vaziyatga munosabat bildirdi taniqli balerina.
Bernora Qoriyevaning so‘zlariga ko‘ra, undan intervyu olgan shaxs uning so‘zlarini buzib talqin qilgan.
«Men bilan suhbatlashgan odam Ozodlik radiosidan bo‘lganini birinchi marta sizdan eshitib turibman. Qandaydir bir odam telefon qildi, yarim rus, yarim o‘zbek tilida gapirdi. «Men Shuhratman, sizga bir savol bermoqchiman», dedi. O‘zini, kimligini tanishtirmadi. «Turgenevning shunday so‘zlari bor: Rossiya bizsiz yashay oladi, biz esa Rossiyasiz yashay olmaymiz. Siz nima deb o‘ylaysiz?», deb so‘radi. Men esa nega menga armancha topishmoq aytayotganini, bu menga nega kerakligini so‘radim.
«Xo‘p, ayting-chi, siz buni qanday tushunasiz?» so‘radi u. «Men buni yaxshi tushunaman. Rus tilini bilaman, lekin boshqalarni faqat rus tilida gapirishga chorlamayman», deb javob qildim. Shu mavzu yana davom etib ketdi. Men unga Turgenev bu gapni yuz yil oldin aytganini, hozir esa allaqachon boshqa hayot ekanini tushuntirdim. Axir men siyosiy til o‘qituvchisi emasman-ku u bilan bu mavzuda gaplashib o‘tirsam.
O‘zbek tilini tushunsam ham, o‘zbekchada javob qaytara olmayman, lekin o‘zbek xalqini xafa qiladigan biror gap aytganim yo‘q. Biz haqiqatan ham rus maktablarida o‘sganmiz, tug‘ilganimizdan ruschada gaplashganmiz. Shunday ekan, men hech qanaqasiga unday ma'noni nazarda tutmaganman. U menga shunday provokatsion savol berdiki, bu mening ham jahlimni chiqardi. Nega menga bunday savol berish kerak bo‘lib qoldi? Men rus tilida gapirishimni u juda yaxshi biladi axir. Turgenevning gapini har kuni o‘qib yurmaydi-ku, demak u bunga tayyorgarlik ko‘rgan. Ataylab, bir maqsadni ko‘zlab shunday provokatsion savollar bergan.
Men unga javob bera olganimcha javob qaytardim. Rus tili millatlararo muloqot tili ekanini, biz shu tilda gaplashishimizni, shu tilda ta'lim olganimizni aytdim. Men hatto qachondir rus tilini bilishimdan faxrlanganman ham. Lekin so‘zlarimning bir qismi ajratib olingan. Jurnalistlar ba'zida shunday yozishadiki, bir nechta gaplarni alohida olib bersa, u umuman boshqacha ma'no anglatadigan bo‘ladi, tushunyapsizmi. Endi buni tushuntirish kerak bo‘ladi. Men mutlaqo xalqimizni nazarda tutib gapirmaganman. Men o‘zimdan kelib chiqib gapirganman», – deydi Bernora Qoriyeva.
«Agar o‘z vatanimni sevmaganimda, bu yerdan allaqachon ketgan bo‘lardim. SSSR deputati bo‘lganimda Moskvadagi yig‘ilishlarda faqat O‘zbekiston haqida, O‘zbekistonning oyoqqa turishi, o‘zini ko‘rsatishi uchun nimalar kerakligi haqida gapirganman. Men faqat san'at haqida emas, xalqimizning turmushi haqida ham qayg‘urganman. O‘zbekiston uchun nimaiki qilgan bo‘lsam, barchasini chin yurakdan, samimiy bajarganman. Albatta, qo‘limdan kelganicha harakat qilganman. Chunki o‘shanda Markaziy Osiyoga nisbatan adolatsiz munosabatda bo‘lishayotganini ko‘rganman.
Deputat sifatida men, albatta, himoya qilganman. Masalan, davlat rejasida mablag‘ni taqqoslash masalasini muhokama qilganmiz. Boltiqbo‘yi mamlakatlariga aholi jon boshiga 25 rubldan ajratilgan bo‘lsa, O‘zbekiston bir kishiga 5 rubldan olgan. Farq 25ga 5. Nega? Nega bizning xalqimiz atigi 5 rubl olishi kerak? Mana shu savolni men shunchaki o‘tkazib yubora olmasdim. Gapirish, himoya qilish kerak edi va men shunday ham qilganman. O‘zim uchib borib, tekshirib ko‘rardim. Hammasini isbotlab berardim, harakat qilardim, chunki bu juda muhim edi. Bunday paytlarda hatto raqsni ham unutardim. Chunki respublika manfaatlarini himoya qilish kerak bo‘lgan payt edi.
Umuman, hayotimda xalqim uchun qo‘limdan kelganicha harakat qildim. Xalqimizga muhabbatim borligini bilishardi. Misol uchun, aholi jon boshiga to‘lanadigan pulda bunday katta farq borligini komissiya eshitmasdi ham. Sezd vaqtida tribunadan turib bu haqda gapirganman. Bu masalada og‘iz ochmaslik kerak, deyishardi, men: «Yo‘q, tribunadan turib gapirish kerak. Bularning hammasidan xabardor ekanimizni xalqimiz bilishi kerak», derdim.
Hayotim O‘zbekiston bilan uzviy bog‘liq. Bu bog‘liqlikni hech qanday kuch uza olmaydi», – ta'kidladi Qoriyeva.
Mavzuga oid
14:33 / 21.11.2024
Nega o‘zbek ota-onalari bolasini rus sinflariga beradi?
21:43 / 22.10.2024
“O‘zimiz o‘zbek tilini yaxshi bilmaymiz” – faollar davlat tili mavqeyi haqida nima deydi?
17:58 / 21.10.2024
“Til – har qanday xalq uchun o‘ta hassos va ta’sirchan masala” - Shavkat Mirziyoyev
12:48 / 21.10.2024