10:55 / 11.05.2019
6742

Sog‘liqni saqlash vazirligi semizlikka qarshi birgalikda kurashishga chorlaydi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotiga ko‘ra, dunyoda 18 va undan yuqori yoshdagi 1,9 milliard kishi ortiqcha vaznga ega. Ularning 600 milliondan ortig‘i esa semizlikdan aziyat chekmoqda. Shu bois, ortiqcha vazn bilan kasallanishning oldini olish, uni erta aniqlash va bemorlarni darddan forig‘ etish zamonaviy tibbiyot oldidagi dolzarb vazifalardan biridir.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan butun mamlakatimiz bo‘ylab joriy yil 11 may, shanba kuni sog‘lom turmush tarziga rioya etish borasidagi ommaviy tadbirlarning navbatdagi bosqichida ayni shu muammoga e'tibor qaratilib, «Oilaviy semizlikka yo‘l yo‘q» shiori ostida 5 kilometr masofaga faol yurish va «Salomatlik startlari» tadbiri tashkil etildi.

Erta tongdan mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi poytaxtimizning istirohat bog‘lari va xiyobonlarida ham  vazirlik markaziy apparati, tizimdagi muassasalar, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari xodimlari va mahalla faollarining oilaviy jamoalari ishtirokida jismoniy faollikni targ‘ib etuvchi estafeta o‘yinlari, bilimdonlar tanlovi o‘tkazildi.

«Kamharakatlilik, kun davomida uzoq vaqt kompyuterda ishlash inson organizmida ortiqcha vazn bilan bog‘liq ko‘plab kasalliklarni keltirib chiqaradi. Mazkur xastaliklarning oldini olish maqsadida har bir kishi kundalik ish faoliyatini jismoniy faollik bilan boshlashi, ya'ni toza havoda sayr qilishi, jismoniy mashqlar bilan band bo‘lishi va albatta sog‘lom hamda to‘g‘ri ovqatlanishga e'tibor qaratishi lozim. Zero, toza havoda sayr qilish — mushak, yurak-qon tomir tizimini mustahkamlaydi, nafas olish ritmini rivojlantiradi», — deydi Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori Barno Odilova.

«Faol harakatlar tanadagi yog‘lar erishiga, shu orqali ortiqcha vazndan qutulishga yordam beradi. Shuningdek, jismoniy faoliyatning bunday turi harakatning eng xavfsiz usuli hisoblanib, uni deyarli har bir kishi — o‘smirdan tortib, keksa odam ham bemalol bajarishi mumkin.

Semizlikka qarshi kurashda sog‘lom ovqatlanish ham muhim o‘ringa ega. Turli xil sabzavot va mevalarni iste'mol qilishga odatlanish ham oilalarda sog‘lom va to‘g‘ri ovqatlanish ratsionini shakllantirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, ba'zi hollarda muhim, ammo ko‘z ilg‘amas qoidalarga rioya etishimiz o‘zimiz hamda oila a'zolarimizning salomatligini mustahkamlaydi. Misol uchun, har kuni nahorda 200 grammdan kam bo‘lmagan iliq suv iste'mol qilishni odatga aylantirsak, salomatligimiz uchun koni foyda bo‘ladi. Chunki suv tezlik bilan oshqozonga va ichaklarga tushadi, zaharli moddalar chiqarilishiga yordam beradi. Ichaklarni tozalab, ovqatdan keladigan foydali moddalarning yaxshi o‘zlashtirilishiga hissa qo‘shadi. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, tongda och qoringa ichilgan suv metabolizmni 25 foizga tezlashtiradi. Bu esa ortiqcha vaznga ega odam uchun kaloriyani faol sarflash natijasida ozishga yordam berishini anglatadi.

Qolaversa, osh tuzining kunlik tanovul qilinadigan mahsulotlar tarkibidagi miqdorini 5 grammdan oshirmaslik ham turli bo‘g‘im kasalliklarining oldini oladi va ortiqcha vazn sabab kelib chiqadigan xastaliklarni bartaraf etadi.

Unutmaylik, semizlikni oldini olishda sog‘lom turmush tarzi, jumladan, oilaviy jismoniy faollik, sog‘lom va to‘g‘ri ovqatlanish muhim o‘ringa ega. Shunday ekan, buning uchun bizdan ko‘p narsa talab etilmaydi. Shunchaki, ertalabki faol yurish, jismoniy mashqlar, kundalik ovqatlanish ratsionni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish va faol turmush tarziga erishishning o‘zi kifoya!», — deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida

Top