Xalqaro valuta jamg‘armasi Ijrochilar Kengashi 2019 yilning 6 – mayida XVJ to‘g‘risidagi shartnomaning IV moddasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi bilan maslahatlashuvlarini yakunladi.
O‘zbekistonda 2018 yilda kuzatilgan noqulay ob-havo sharoitlari va suv ta'minoti bilan bog‘liq muammolarning qishloq xo‘jaligi, energetika va boshqa sektorlarga salbiy ta'sir ko‘rsatishiga qaramasdan asosiy kapitalga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmining sezilarli darajada oshishi hisobiga Yalpi ichki mahsulotning (YaIM) o‘sish sur'ati 5 foizni tashkil etdi.
2018 yil oxirida iste'mol sektoridagi inflatsiya darajasi 14,5% gacha pasaydi. Shu bilan birga, yuqori kreditlash sur'atlari, narxlarni erkinlashtirishning davom ettirilishi, davlat sektorida ish haqlarning qayta ko‘rib chiqilishi va yuqori darajadagi inflyatsion kutilmalar kabi omillar ta'siri hisobiga 2019 yilda ham narxlarga bo‘lgan bosim saqlanib qolishi mumkin.
2017 yilda tashqi savdo va almashuv kursining erkinlashtirilishi hamda 2018 yildagi iqtisodiyotni faol kreditlash siyosatining amalga oshirilishi o‘z navbatida, 2018 yilda import hajmining oshishiga va joriy operatsiyalar hisobvarag‘ining salbiy saldosining YaIMga nisbatan 7 foizgacha pasayishiga olib keldi (2017 yilda oz miqdorda musbat saldo bo‘lgan). Shunga qaramasdan, 2018 yil yakuni bo‘yicha O‘zbekistonda 13 oylik importni qoplashga yetarli bo‘lgan sezilarli xalqaro oltin-valuta zaxiralari mavjud va mamlakatning tashqi qarzi mo‘'tadil darajada (YaIMga nisbatan 35 foiz) qolmoqda.
2018 yilda soliq-budjet siyosatini amalga oshirishda ehtiyotkorlik tamoyillariga asoslanilgan bo‘lib, davlat budjeti kamomadi (iqtisodiy dasturlarga ajratilgan kreditlarni hisobga olgan holda) YaIMga nisbatan 2 foizni va davlat qarzi YaIMga nisbatan 20 foizni tashkil etdi. QQS va foydali qazilmalardan tushgan daromadlar oshib, ular muhim ijtimoiy masalalarga va iqtisodiy dasturlarga ajratilgan kreditlarni moliyalashtirishga yo‘naltirildi. Hukumat 2019 yilda soliqlarni soddalashtirish, umum e'tirof etilgan korporativ soliqlar tizimi hamda QQS bazasini kengaytirish bilan birgalikda xususiy korxonalar va jismoniy shaxslarga soliq yukini kamaytirishga qaratilgan keng qamrovli soliq islohotini boshladi.
Markaziy bank 2018 yilda qayta moliyalash stavkasini 14 foizdan 16 foizga ko‘tarish orqali pul-kredit siyosatini qat'iylashtirdi va ishlab chiqaruvchilardan monetar oltinni sotib olish natijasida vujudga kelgan ortiqcha likvidlilikni ichki valuta bozoriga intervensiya qilish yo‘li bilan sterilizatsiya qilib bordi.
















