O‘zbekiston | 09:41 / 19.05.2019
4781
5 daqiqa o‘qiladi

Pekinda O‘zbekiston va XXR Bosh vazir o‘rinbosarlari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi 

Pekin shahri (XXR)ning "Chjunnanxay" davlat qarorgohida Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov XXR Davlat kengashi Bosh vazirning ta'lim, sog‘liqni saqlash, ilm-fan,turizm, madaniyat va sport bo‘yicha o‘rinbosari Sun Chunlan bilan uchrashdi. Uchrashuvda XXRning ijtimoiy masalalar uchun mas'ul idoralari rahbarlari ishtirok etishdi. 

Tomonlar o‘rtasida O‘zbekiston-Xitoy ijtimoiy soha hamkorligining joriy holati muhokama qilindi;  ta'lim, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat, turizm va  sport yo‘nalishlariga doir qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalashtirildi.

Xitoy tomon "O‘zbekiston Prezidentining aholi, ayniqsa, yoshlarni musiqa va san'at, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga jalb qilish, IT-texnologiyalar bo‘yicha ko‘nikmalarni mustahkamlash, ma'naviyat va kitob mutolaasi madaniyatini oshirish hamda xotin-qizlar bandligini ta'minlashga doir besh muhim tashabbusi"ni amalga oshirish ishlari boshlanganidan xabardor qilindi.

Shuningdek, Toshkent va Samarqand shaharlaridagi Konfutsiy institutlarining muvaffaqiyatli faoliyati, Samarqanddagi Konfutsiy maydoni, bolalar tibbyot muassasalari va nogironligi bo‘lgan kishilarga mo‘ljallangan reabilitatsiya markazlarining texnik ta'minotiga doir loyiha natijalari bo‘yicha batafsil ma'lumotlar taqdim etildi.

Uchrashuv doirasida ta'lim sohasidagi hamkorlikni faollashtirish zarurati qayd etildi – O‘zbekistonda XXR texnik oliy ta'lim muassasalari filiallari ochilishi, maktabgacha ta'lim tizimidagi mutaxassislarni tayyorlashda Xitoy tajribasini o‘rganish shular jumlasidandir. 

Hamkorlikni kengaytirish maqsadida Xitoy tomonga qator aniq loyihalar ko‘rib chiqish uchun taklif etildi. Xususan, maktablarda xitoy tilini chuqurlashtirib o‘rgatish, Xitoy tomonni jalb qilish va qo‘shimcha moliyalashtirish hisobiga Termizdagi afg‘on fuqarolarini o‘qitishga mo‘ljallangan o‘quv markazi faoliyatini kengaytirish, tibbiyot muassasalari, jumladan, an'anaviy xitoy tibbiyoti markazlarini yaratish, farmatsevtika laboratoriyalarini ishga tushirish, ommaviy sport va jismoniy tarbiyani rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashish, XXRning Olimpiya sportchilarini tayyorlovchi OTMlari filialini ochish, kosmosni birgalikda tadqiq qilish uchun teleskop o‘rnatish, Xitoyning yirik shaharlaridan O‘zbekistonning tarixiy markazlariga yangi to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yish,  arxeologik qazilmalar muzeyefikatsiyasiga oid loyihalar taklif etildi.

XXR Bosh vazir o‘rinbosari O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosi va sayyohlik salohiyati bilan yaqindan tanishish hamda ijtimoiy sohadagi hamkorlikni kengaytirishga yo‘naltirilgan istiqbolli loyiha va tashabbuslarni ishlab chiqish uchun mamlakatimizga taklif etildi. Chunlan xonim yaqin orada bunday tashrifni amalga oshirish va ikki tomonlama hamkorlik intensifikatsiyasini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekani, O‘zbekiston tomonning hamkorlikka doir takliflari yaxshilab o‘rganib  chiqilib, ular bo‘yicha javob choralar ko‘rilishini ta'kidladi.

Xitoy Bosh vazir o‘rinbosari, o‘z navbatida, madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish doirasida turli bayram tadbirlari, festival va forumlar o‘tkazilishini oshirish, tarixiy va adabiy nashrlar, badiiy film va telemateriallarni birgalikda tarjima qilish, hamkorlikda arxeologik tadqiqotlar o‘tkazish kabi takliflar bilan chiqdi. 

Chunlan xonim O‘zbekiston tomondan Xitoy fuqarolari uchun viza rejimining soddalashtirilishi, bir tomondan, sayyohlar oqimi oshishiga turtki bersa, boshqa tomondan, ikki mamlakat shaharlari o‘rtasida qo‘shimcha aviareyslarni yo‘lga qo‘yish zaruratini keltirib chiqarishini qayd etdi. Ma'lum qilinishicha, xitoylik sayyohlar oqimining keskin oshishi hisobga olinib, Xitoyning qator hududlari O‘zbekistonning qadimiy shaharlariga reyslar yo‘lga qo‘yilishiga katta qiziqish bildirmoqda.

O‘zbekistonda qo‘shma tibbiy laboratoriyalar va ilmiy-tadqiqot markazlarining ochilishi hamda tabiiy dori vositalari ishlab chiqarilishining yo‘lga qo‘yilishi kelgusida samarali natija berishi ta'kidlandi.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, tomonlar ijtimoiy blokning mas'ul vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida Ishchi guruhni shakllantirish, istiqbolli loyiha va tashabbuslarni muhokama qilish maqsadida uchrashuv o‘tkazishga doir kelishuvga erishishdi.

Mavzuga oid