Telegramdagi Islom moliyasi kanalida joylashtirilgan maqolada tadbirkorlik faoliyati davomida tavakkal qilish va shu tavakkalning evaziga o‘ziga va jamiyatga biror manfaat keltirishi bilan qimor o‘ynash, o‘ylamasdan gardkamiga qarorlar qabul qilish orqali pul topishga harakat qilish farqi haqida so‘z yuritilib, bu masala yuzasidan islomda nima deyilgani ochib berilgan.

Odamlar qadimdan qimor o‘ynab kelishadi, bugungi kunga kelib qimor va shu kabi o‘yinlar kimlargadir katta daromad keltiruvchi yirik bir tarmoqqa aylandi. Qimor o‘ynashga bo‘lgan ishqibozlik inson tabiati bilan bog‘liq. Gap shundaki, inson biror bir yangi ishga qo‘l urib tavakkal (risk) qilganda, qimor o‘ynaganda yoki biror narsaga ustida garov o‘ynaganda (masalan ot poygasida qaysidir otning g‘alabasiga pul tikkanda, mening «otim» yutarmikin, qancha pul yutarkinman deb) juda qattiq hayajonlanadi. Natijani kutish paytidagi bu hayajon insonga yoqadi va ko‘pchilik kayfiyatini ko‘tarish, yangicha tuyg‘ularni his qilish maqsadida qimor o‘ynaydi va bora-bora shunday hayajonsiz yashay olmayman, deb o‘ylaydigan bo‘lib qoladi. 

Ammo, tadbirkorlik faoliyati davomida tavakkal qilish va shu tavakkalning evaziga o‘ziga va jamiyatga biror manfaat keltirish bu islom moliyasiga bevosita bog‘liq narsa bo‘lsa, qimor o‘ynash, o‘ylamasdan gardkamiga qarorlar qabul qilish orqali pul topishga harakat qilish bu umuman boshqa-boshqa narsalar.

Islom huquqshunoslari tavakkal faqat 3 holatda o‘zini oqlaydi deb hisoblashadi:

 • Tavakkal muqarrar (ya'ni uni qilmaslikning iloji yo‘q);

 • Tavakkal arzimas darajada (ya'ni uning darajasi katta emas);

 • Tavakkal ataylab/qasddan qilinmaganda.

Birinchi holat: foyda ko‘rish uchun albatta tavakkal qilinadi, ya'ni u muqarrar;

Ikkinchi holat: xatarga ro‘baro‘ bo‘lish yoki zarar ko‘rish ehtimoli muvaffaqqiyatga erishish ehtimolidan ancha kam bo‘lishi kerak;

Uchinchi holat: har qanday iqtisodiy amaliyotning maqsadi biror-bir qiymatga ega mahsulot yoki xizmat (ya'ni boylik) turini yaratish,bu esa albatta qandaydir darajada tavakkal qilishni talab qiladi. Ammo, biror bir qiymatga ega mahsulot yoki xizmat (ya'ni boylik) turini yaratishni ko‘zda tutmaydigan tavakkalning hech qanday ma'nisi yo‘q.