09:50 / 03.02.2024
16869

Qimor o‘ynagani uchun ishdan olingan mahalla raisi 1 yil o‘tib lavozimiga qaytgani ma’lum bo‘ldi

Past Darg‘om tumanidagi Qozoq Nayman mahallasi raisi Ahror Arslonov qimor o‘ynayotgani aks etgan suratlar tarmoqlarda tarqalishi ortidan 2022 yil noyabr oyida lavozimidan ozod etilgandi.

Qimor o‘ynagani uchun ishdan olingan Past Darg‘om tumanidagi Qozoq Nayman mahallasi raisi Ahror Arslonov 2023 yil dekabr oyida mahalla raisligiga qaytgan. Bu haqda mahallaning Telegram’dagi yangiliklar kanalida ma’lum qilingan.

Qadrli Qozoq Nayman mahallasi sardori Axror Jamolovich! Sizni Qozoq Nayman mahallasi raisi lavozimiga saylanganingiz bilan chin qalbimdan tabriklayman. Doimo hozirgidek elarvar va fidoyi mahalla otasi bo‘lib, hamma o‘ylagan niyatlaringizga yetib yuring”, deyiladi hududdagi 56-IDUM jamoasi tabrigida.

Ahror Arslonov 2016 yildan beri Qozoq Nayman mahallasida raislik qilib kelgan. 2022 yilgi saylovlarda raislikka qayta saylangan. 2022 yilning 21 noyabr kuni uning qimor o‘ynayotgani aks etgan suratlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, raislik vakolati “Qozoq Nayman” MFY vakillar kengashi qarori bilan muddatidan oldin tugatilgandi.

Raisning qimor o‘ynayotgani aks etgan suratlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, bu mahalla faollarining noroziligiga sabab bo‘lgan va ularning talab-xohishi bilan o‘zi ishdan bo‘shash to‘g‘risida ariza yozgan. Uning o‘rniga ushbu mahalladagi xotin-qizlar faoli vaqtincha rais vazifasiga tayinlangan”, deya holatga izoh bergandi o‘shanda viloyat Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi axborot xizmati.

Kun.uz manbasi Ahror Arslonovning akasi (ismi shariflari tahririyatga ma’lum) Samarqand viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shunqor Xudoyberdiyev bilan quda ekanini aytmoqda. U mahalla raisligiga saylangunga qadar Samarqand viloyati IIB YHXB inspektori vazifasida ishlagan.  

 

Mavzuga oid
Top