Sport | 10:20 / 20.05.2019
10449
3 daqiqa o‘qiladi

Mbappe «PSJ»dan ketishi mumkinligiga ishora qildi

«PSJ» hujumchisi Kilian Mbappe Fransiya futbolchilar kasaba uyushmasidagi taqdirlash marosimi vaqtida shu yozda klubini o‘zgartirishi mumkinligiga sha'ma qildi.

19 may kuni 20 yoshli futbolchi Fransiyaning eng yaxshi futbolchisi va mavsumning eng yaxshi yosh futbolchisi uchun ta'sis etilgan sovrinlarini qabul qilib oldi.

«Men uchun katta sharaf. Mavsumning eng yaxshi o‘yinchisi – menga yetishmayotgan yagona sovrin edi. Men haqiqatdan ham juda xursandman.

Avvalo, men bu sovrinni Nosir al-Helayfiga («PSJ» prezidenti – Tribuna.uz) bag‘ishlagan bo‘lardim. Undan juda ham minnatdorman, klubga kelgan birinchi kunimdanoq u doimo men bilan samimiy munosabatda.

Shu yerda bo‘lib turgan barchani, chempionat tashkilotchilariga ham rahmat aytmoqchiman. To‘rt yildan beri birinchi divizionda o‘ynayapman. Bu yerda ko‘plab his-hayajonli voqealarni boshdan kechirdim.

Birinchi navbatda «Monako», bu jamoada chempionlik bo‘lishni uddalagandik. Keyin mutlaqo boshqa loyiha – «PSJ»ga o‘tdim va tez orada jamoaga moslashib keta oldim. Albatta, ba'zi dilxiraliklar ham bo‘ldi, biroq bu ham futbolning bir qismi. Biz Fransiya chempionatida g‘olib chiqdik va buni kompensatsiya deb atash mumkin.

Yana bir bor jamoadoshlarimga, murabbiy va klubga minnatdorchilik izhor etmoqchiman. Hozir hayotimning juda muhim pallasi. Menimcha, faoliyatimdagi birinchi yoki ikkinchi burilish nuqtasiga yaqinlashyapman.

O‘ylaymanki, bu yerda ko‘p narsalarni o‘rgandim va endi, balki, mas'uliyatni yelkamga oladigan payt kelganini his qilyapman. Umid qilamanki, bu «PSJ»da bo‘ladi va bundan faqat xursand bo‘laman. Yoki, ehtimol, bu boshqa joyda, yangi bir yangi loyihada bo‘lar», – degan Mbappening so‘zlarini keltirmoqda L’Equipe.

Ma'lumot uchun, 7-raqam egasi bu mavsum birinchi divizionning 28ta o‘yinida 32ta gol urdi va 7ta golga assistentlik qildi.

Bundan avvalgi xabarlarda Mbappe yozda «Real» safiga o‘tishi mumkinligi aytilgandi.

Mavzuga oid